Afro-amerikaliklar tarixini ulug’lovchi yangi muzey

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda yangi bir muzey eshiklarini ochmoqda - Qora tanli amerikaliklar tarixi va madaniyati galereyasi. Bu maskan to’rt asrni qoplaydi va Amerika qanday jamiyat ekani haqida qiziqarli ma’lumotlar beradi.

Vashingtondagi Smitson Instituti qora tanli amerikaliklarning 400 yillik tarixini aks ettiruvchi eksponatlarni to’plash bilan band.

Lonni Banch Afro-amerikaliklar tarixi muzeyi direktori:

“Ishni boshlaganimizda hech narsa yo’q edi. Endi esa butun mamlakatdan 2500 ta eksponat yig’ib keldik”.

Muzey direktori Lonni Banch

Muzey direktori Lonni Banch

1960-yillarda tenglik uchun kurashgan faol egnidagi nimcha bugun noyob eksponat.

“Tarix va madaniyatni aks ettiruvchi buyumlar oddiy odamlarning omborxonalari, yerto’la va shkaflarida yotibdi deb tarxmin qilgan edik. Hammasi to’g’ri chiqdi,” - deydi Banch.

Muzey hali to’liq ochilmagan.

Afro -amerikaliklar boshdan kechirgan og’ir damlardan tortib, ular erishgan yutuqlar, quvonchli damlar, san’at va madaniyat - hammasi ko’rgazmada, deydi muzey xodimi Mishel Geyts.

"Muzey qora tanlilar bu yerga qanday kelib qolgani va ularning bugungi hayotini namoyish etadi”.

Muzeyda Xarriet Tabmanga taaluqli 40 eksponat bor.

XIX-asr o’rtalarida bu ayol mamlakat shimolidagi Yerosti temir yo’li nomi bilan tanilgan maxfiy yo’nalish orqali qullarga erkinlikka chiqishda yordam bergan.

Eksponat orasida, masalan, Tabman o’ragan ro’molni ko’rasiz.

“Angliya qirolichasi Viktoriya Tabmanni o’z yubileyiga taklif etgan, biroq rad javobini olgan. Shunda qirolicha Tabman xizmatiga hurmat tariqasida unga o’z ro’molini hadya qilgan,” - deya hikoya qiladi Geyts.

Prezident Barak Obama muzey ochilish marosimida nutq so'zladi

Prezident Barak Obama muzey ochilish marosimida nutq so'zladi

Qullarning kishanlari… Muzeyda tarixning hatto eng dahshatli sahifalari ham o’z aksini topadi.

“Haqiqiy tarixni ko’rsatamiz deb umid qilamiz. O’tmish bir tarafdan odamlarga yoqmasligi mumkin. Boshqa tarafdan u Amerikani to’g’ri yo’lga boshlagan, kamolot sari yetaklagan,” - deydi muzey direktori Banch.

"Yosh avlod iztirob va yutuq, kurash va fidokorlik haqida o’rganganida bu bizning umumiy tariximizning eng muhim, asosiy qismi ekanini unutmasin”,- deydi prezident Barak Obama.

Afro-amerikaliklar kino va musiqa san’atiga ulkan hissa qo’shib keladi.

Gollivudning eng katta studiyasida birinchi bo’lib qo’shiq ijro etgan qora tanli xonanda Lena Xorndan qolgan meros ham shu yerda.

Qora tanli rassom Malvin Grey Jonson avtoportreti yangi muzeydan o'rin olgan

Qora tanli rassom Malvin Grey Jonson avtoportreti yangi muzeydan o'rin olgan

Xonandaning qizi muzeyga onasining sevimli ko’ylagini sovg’a qildi. Qora tanlilar uchun san’at erkinlikka yo’l ochib bergan, deydi tarixchi Duon Ris.

"Qora tanlilar uchun san’at, shou-biznes va sport kambag’allikdan chiqish va o’zini tanitish uchun cheksiz imkoniyatlar ochib bergan”.

Muzey direktori Lonni Banch unga qo'shiladi:

“Bu nafaqat qora tanlilar tarixi… Bu - barchamizga bevosita aloqasi bo’lgan tarix. Irqdan qat’iy nazar har bir odamga qora tanli amerikaliklar boshdan kechirgan narsalar ta’sir qilmay qolmaydi”.

Tenglik kuychisi Martin Lyuter King aytganidek, Amerika buyukligi haq-huquqda.

Muzeyga kelganlar tarix tenglik, adolat va haqiqat uchun kurashdan iborat ekanini anglaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG