AQSh janubida OITV – jiddiy muammo

  • Amerika Ovozi

AQSh janubida odam immuniteti tanqisligi virusi (OITV) – jiddiy muammo. Kasallikka chalinganlarning aksariyati afro-amerikaliklardir. Ammo ularning davolanish imkoniyatlari cheklangan. Inson huquqlari tashkiloti AQSh janubida virusga oid yangi hisobot chiqardi.

AQSh janubi deganda 17 shtat va poytaxt Vashington tushuniladi. Aholining 37 foizi janubga to’g’ri keladi. Afro-amerikaliklar umumiy aholining 13 foizini tashkil qilsa, yarmidan ko’pi aynan janubda yashaydi.

Megan MakKlemor “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkilotining salomatlik va inson huquqlari bo’limidan.

“Janub - AQShdagi OITV epidemiyasi markazi. Yoshi 13 dan 29 gacha bo’lgan aholi orasida virusga chalinish hollarini olsak, eng yuqori ko’rsatkich shu yerda qayd etilgan. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi bilan og’rish hollarining 44,6 foizi aynan janubda uchraydi,” - deydi u.

MakKlemor so’zlariga ko’ra, OITS qurbonlari soni ham janubda eng baland.

“2011-yilda AQSh bo’ylab OITS eng ko’p uchragan shaharlarning birinchi o’ntasi janubda edi”.

OITS va OITV ga chalinganlar orasida qora tanlilar ko’p – mamlakat bo’ylab 46 foiz. Janubda esa kasalmandlarning 55-60 foizi qora tanlilar, deydi suhbatdosh. Ayrim shaharlarda afro-amerikaliklarning 60-75 foizi xavfli virusni yuqtirgan. Masalan, Luizinada bundaylar 73 foizga teng.

Kasallik latinolar orasida ham keng tarqalgan.

Avvalambor bunga kambag’allik sabab, deydi “Human Rights Watch” vakili. Janubda yo’qsil oilalarga ajratiladigan ijtimoiy yordam ham kam.

‘Bu shtatlarning ko’pginasi juda kambag’al. Eng kichik byudjetga ega. Ammo ayni vaqtda korporatsiyalar va badavlat fuqarolar kam soliq to’laydi. Byudjetga kam mablag’ tushishini bahona qilib bu shtatlar OITSga qarshi kurash uchun pul ajratmaydi,” - deydi u.

Boz ustiga, janubliklar orasida tibbiy sug’urtasi bo’lmagan odamlar ko’p.

Yana bir muammo – gomoseksuallarga munosabatning salbiyligi.

Qamalgan odamlarning ko’pligi – boshqa bir bosho’g’riq. Chunki mahbuslar orasida kasallik keng tarqalgan.

MakKlemor aynan shu masalalar ustida ishlaydi.

“Xalqaro huquq doirasida o’ziga olgan majburiyatlariga ko’ra AQSh salomatlik huquqini himoyalashi lozim. Bunga esa kasallikning oldini olish, ma’lumot tarqatish, davolash kabi xizmatlar kiradi. Irqiy diskriminatsiyaga qarshi kurash haqidagi xalqaro konvensiyaga ko’ra, AQSh tibbiy xizmat olish borasida oz sonli guruhlar uchun teng imkoniyatlar yaratishi kerak”.

OITS ga qarshi kurash inson huquqlarini himoya qilish degani va ustuvor vazifa bo’lishi kerak, deydi MakKlemor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG