Amerikada chorvadorlar tuyadan yaxshi pul qilayapti

  • Amerika Ovozi

“Bozorda alpaka juniga talab bor. Chunki uning yungi allergiya chaqirmaydi, tolasi kashmiri kabi nihoyatda nafis".

Alpaka – tuyalar oilasiga mansub yirik, juni qalin jonivor asosan Janubiy Amerikada yashaydi. AQSh chorvadorlarining ham bu daromadbop hayvonga qiziqishi kuchli.

Merilend shtatidagi fermada tuyalarning junini qirtishlashayapti.

Jonivorlarning ko’pi qaychi ostida miq etmay chidab turibdi. Lekin dod-voy qilayotgani ham bor.

Xohlaydimi-yo’qmi, Sugarloaf fermasidagi 130 jonivor sartaroshning qo’lidan o’tishi kerak. Jaziramada juni kesib turilmasa, jonivor issiqlab ketadi.

Shunaqa qilib, hayvonga ham yaxshi, Kevin Brandt ham pul qilayapti.

“Bozorda alpaka juniga talab bor. Chunki uning yungi allergiya chaqirmaydi, tolasi kashmiri kabi nihoyatda nafis”, - deydi u.

Bu tuyalarning tolasi sifat jihatidan uchga bo’linadi.

Jonivorning orqasi, soni va yelka qismidan olinadigan jun eng sifatli sanaladi va kiyimga yaraydi.

Tomoq qismidagisi ikkinchi darajali, tuyoq va belidan esa uchinchi toifali jun chiqadi. Gilamlar, xaltalar uchun juda mos.

Brandt va uning ishchilari shu fermaning o’zida junni eshilgan ipga aylantiradi.

Yuvib, quritilgandan keyin mahsulotga yana ishlov beriladi va boshqa tolalar qo’shiladi.

Keyin boshqa bir mashinada yanayam cho’ziladi va nihoyat yigiruv sexida ip kalavalari holiga keltiriladi.

Brandt tabiiy va bo’yalgan jun sotadi. Do’konida tuya terisidan to’qilgan boshqa mollar ham bor.

Ferma boshqa yo’llar bilan ham daromad qiladi.

“Urg’ochi tuyalarni sotamiz, bolalab berishi uchun ularni xaridor qidiradi. Erkak tuyalarni ham bozorga olib chiqamiz. Ulardan dehqonlar urchitish uchun foydalanishadi”, - deydi Brandt.

Charmer fermaning eng zo’r nasl qoldiradigan tuyasi.

Brandt bu biznesga tasodifan kirib qolgan.

“Oialam bilan mahalliy fermalarni aylanib yurgan edik. Uyga ketamiz deb turgan joyimizda bir og’ilga kirdik. Mana shu tuyalar boqiladigan og’il ekan, jonivorni ko’riboq mehrim tushdi”, - deydi fermer.

Alpaka tuyalar oilasiga mansub. Tabiatan juda qiziquvchan, boqish oson. Qo’shma Shtatlarda 300 mingdan ziyod alpaka bor. Chetdan import qilinmay qo’ygan.

“Yaxshi jonivor. Juda yuvosh. Uch farzandimni shu fermada katta qildim. Bolaga juda yaxshi ta’sir qiladi bu hayvon”, - deydi Brandt.

Xaridor alpakaning tabiati va keltirgan daromadidan xabar topgani sari shu singari fermalar soni ham oshib boraveradi.

Alpaka – tuyalar oilasiga mansub yirik, juni qalin jonivor asosan Janubiy Amerikada yashaydi.

Alpaka – tuyalar oilasiga mansub yirik, juni qalin jonivor asosan Janubiy Amerikada yashaydi.

Jonivorning orqasi, soni va yelka qismidan olinadigan jun eng sifatli sanaladi va kiyimga yaraydi.

Jonivorning orqasi, soni va yelka qismidan olinadigan jun eng sifatli sanaladi va kiyimga yaraydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG