AQSh diplomati: Moskva sharqiy Ukrainani Rossiyaga qo’shib olmaydi

  • Amerika Ovozi

Jek Metlok

Jek Metlok

Ukraina sharqida otishma to’xtagan.

Bu Ukraina hukumatiga qarashli qo’shinlar va rossiyaparast bo’lginchi kuchlar orasida besh oy davom etgan harbiy harakatlardagi birinchi tanaffus.

G’arb davlatlari bo’lginchilarga Rossiya bevosita yordamlashdi desa, Kreml buni inkor etib keladi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiyaning Ukrainada harbiy roli yo’qligini ta’kidladi.

Ammo Sovet ittifoqi parchalanishidan oldin AQShning u yerdagi so’nggi elchisi bo’lgan (1987-1991 - yillar) Jek Metlok bu bayonot haqiqatga zid, deydi.

“Ularning aralashayotgani shubhasiz. Albatta, ular bizga “sizlar istagan yerda aralashasiz. AQSh hatto Iroqqa ham qo’shin kiritgan, vaholanki Iroq AQShga hujum qilmagan. Biz ham ayni uslublarni qo’llayapmiz, xolos”, deyishi mumkin”, - deydi Metlok.

Putin sharqiy Ukrainani Rossiyaga qo’shib oladimi?

Ayrim ekspertlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin xuddi Qrimni Rossiya hududiga qo’shib olgandek, Ukraina sharqini ham shunday qiladi, deb fikr bildirdi. Metlok esa bu Rossiya manfaatlariga zid, deydi.

“Rossiyada bunday niyat yo’q. Bu mantiqqa zid qadam bo’ladi. Ukraina sharqi iqtisodiy jihatdan juda qoloq hudud. Unga yordamlashmoqchi bo’lgan har bir taraf uchun boshog’riqqa aylanadi”.

Ammo ko’pgina boshqa sohalarda – siyosiy, iqtisodiy va hatto ma'naviy ma’noda Ukraina sharqi Moskva uchun muhim, deydi sobiq elchi.

“Bu hudud asrlar davomida Rossiyaning bir qismi bo’lgan. Bu yerda elat masalasi bor, chegaraning har ikki tarafidagi rishtalar doim kuchli bo’lib kelgan. Odamlar bir mamlaklatda yashashni istaydi. Tarixni o’chirib tashlolmaysiz, axir. Insoniy, tarixiy va iqtisodiy aloqalar kuchli. Bu hudud NATO mamlakatlari uchun emas, balki Rossiya uchun katta ahamiyatga ega,” – deydi diplomat.

Ayrim NATO a’zolari Rossiya agressiyasidan tashvishda

NATO tashkilotiga a’zo qator davlatlar, shu jumladan, Boltiqbo’yi mamlakatlari Rossiya ularga qarshi harakat qilishidan xavotir bildirdi. Ammo elchi Metlok bu tashvishlarni asossiz, deb hisoblaydi.

“Ular NATO a’zolari va agar hujumga uchrasa, albatta, himoya qilinadi. Lekin ularga hech kim hujum qilmaydi. Menimcha, bu xavotirlar asossiz”, - deydi u.

"Moskva tayanchiga ega rossiyaparast bo’lginchilar qatorida Kiyev qator ichki muammolarga ham yuz tutmoqda", - qo’shimcha qiladi Metlok.

Ukraina jiddiy ichki muammolarga yuz tutmoqda

“Ukrainadagi eng asosiy muammo ichki, chunki bu mamlakatda ukrainalik bo’lishning haqiqiy ma’nosi shakllanib ulgurmagan. Har bir hukumat esa – uning a’zolari asosan g’arbdan bo’ladimi yoki sharqdan – boshqa taraf ustidan hukmron bo’lishga harakat qilgan”, - deydi AQSh diplomati.

"Ukrainadagi barcha taraflar murosaga erishib, hamkorlik qilishi kerak. Bir yoqadan bosh chiqarib, muammolarni hal qilsin. Birinchi navbatda iqtisodiy sohada", - deydi sobiq elchi Jek Metlok.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG