Isroilning G’azo urushidan ko'plab amerikalik yahudiylar norozi

  • Amerika Ovozi

Otishma to'xtaganidan keyin falastinliklar vayronaga aylangan uylariga qaytmoqda.

Otishma to'xtaganidan keyin falastinliklar vayronaga aylangan uylariga qaytmoqda.

Isroil armiyasining G’azoga bostirib kirishi va raketa hujumlari natijasida qariyb 2100 falastinlik halok bo’ldi, aksariyati – tinch aholi. Bu esa amerikalik yahudiylar orasida bahs-munozaralarga sabab bo’ldi. Chunki ular Isroil davlatini qo’llab-quvvatlasa-da, bu safar Isroil hukumati yahudiylarning adolat va rahm-shafqat kabi asosiy tamoyillarini buzdi, demoqda.

“Bu tamoyillar hamda Isroilning Falastin xalqiga nisbatan yuritayotgan siyosati orasida jarlik bor”, - deydi ravvin Maykl Lerner.

Lerner "Tikkun" milliy yahudiy jurnali asoschisi va muharriri. "Amerikalik yahudiylarning ko’pchiligi men bilan hamfikr", - deydi u.

“G’azoga qilingan hujum oqibatida 2100 arab, asosan tinch aholi, shu jumladan, yosh bolalar nobud bo’ldi. Minglab uylar vayronaga aylandi. G’azo elektr tizimi va suv inshootlari ishdan chiqdi. Ko’plab amerikalik yahudiylar bunday harakatlardan norozi”, - deydi ravvin.

Dahshatli kuch

Lernerga ko'ra, aksariyat amerikalik yahudiylar Isroil HAMAS raketa hujumlariga boshqa yo’l bilan javob bera olmasdi, degan fikrda. Hamas raketalarining maktablar, xonadonlar, masjidlar va boshqa noharbiy joylardan otilgani haqida xabar berilgan edi. Ammo Isroil zo’ravonliklarni istaganida to’xtatishi mumkin edi, deydi u.

“Raketalar ramziy ahamiyatga ega edi. Isroilda jami to’rt kishi nobud bo’ldi. Qolgan 500-600 qurbon – G’azoda hujum chog’ida halok bo’lgan askarlar. Isroil katta kuch-qudratga ega. HAMASda hech qanday qudrat yo’q,” - deydi ravvin Lerner.

Ammiel Xirsh Nyu-York shahridagi 2000 dan ortiq a’zoga ega sinagoga ravvini. Uning ibodatlarini minglab odamlar internet orqali tinglaydi.

“Balkonda o’tirganingizda sizga ko’chaning boshqa tarafidagi balkondan birov o’q uzsa, ayni vaqtda u odam qo’lida bolasini ko’tarib turgan bo’lsa, nima qilasiz?” - deya savol beradi u va “muammo aynan shunda”, deydi.

“Mufodaa o’rniga hujum”

Javob aniq, deydi Xirsh.

“Agar birov sizga raketa otsa – bu esa urush jinoyati – o’zingizni himoya qilishingiz kerak. Qanday qilib o’zingizni himoya qilasiz? Eng muhim masala aynan shu. Urush qoidalari bor, axir, ularga rioya qilish lozim. O’ta katta kuch ishlatilsa, odamlar javobgarlikka tortilishi kerak. Ammo Isroil atayin tinch aholini nishonga olgan degan gap – juda katta yolg’on. Uni Isroilni sevmaydigan odamlar tarqatyapti”, - deydi Xirsh.

Ayrim amerikalik yahudiylarning Isroil harakatini tanqid qilishi konservativ qarashlarga ega yahudiylarni ranjitdi. Falastinliklarga hamdardlik bildirgan yahudiylarni ular anti-semitizmda aybladi. “Tinchlik uchun yahudiylar ovozi” tashkiloti rahbari Rebekka Vilkomerson yahudiylar orasida bu masala qizg’in muhokama qilinayotganini aytadi.

Isroilni tanqid qilish anti-semitizm degani emas

“Amerikadagi yahudiylar jamoasida eng ko’p muhokama qilinadigan masala aynan shu… AQSh siyosati Isroilning har bir harakatini hech qanday shak-shubhasiz qo’llashdan iborat. Antisemit deya tamg’alanmay Isroilni tanqid qila olmaslik oqibatida Isroil istaganini qiladigan bo'lib qoldi,” – deydi Vilkomerson.

U boshqarayotgan tashkilotning “Facebook” ijtimoiy tarmog'idagi sahifasini urush boshlanganida 57 mingdan ziyod odam “yoqtirgan” edi. Endi esa bundaylar soni 190 mingdan oshgan. Guruh bo’limlari 40 dan 65 gacha ko’paydi. Yangilari ochilishda davom etmoqda.

“Biz AQShdagi yahudiylar tashkilotlari orasida urushga qarshi chiqqan yagona tashkilotmiz. Urushni qoralab chiqqan yahudiylar urush boshlanganida tanqidiy fikrini faqat biz orqali bildira oldi”, - deydi suhbatdosh va u ayni vaqtda "biz HAMASni qo’llab-quvvatlamaymiz", deya masalaga aniqlik kiritadi.

“HAMAS - fundamentalist diniy tashkilot. O’z hamkorlarini ham qatl etgan. Islomiy qonunlar amal qilsin, deydi. Biz HAMASni yoqtirmaymiz. Shu bilan birga, qamalda qolgan g'azoliklar raketa ishlatganini tushunsa bo’ladi. Isroil G’azoda yashayotgan aholi ehtiyojlarini qondirish uchun hech narsa qilmadi. Bunday vaziyatda, albatta, g’azoliklar kurashadi-da,” - deydi u.

Siyosiy muzokara – yagona yechim

Ravvin Xirsh Isroil va HAMAS ma’naviy jihatdan teng emas, deydi.

“Hamas yahudiylarga qarshi, G’arbga qarshi, ayollar huquqlariga qarshi, gomoseksuallarga qarshi, nasroniylarga qarshi chiqayotgan terrorchi guruhdir. Isroil esa liberal demokratik davlat. Yomon hududda o’z hayoti uchun kurashib keladi. Ayni vaqtda muammoni faqat siyosiy muzokalar orqali yechish mumkinligini ta’kidlash joiz. Har ikkala taraf jiddiy murosaga tayyor bo’lishi kerak. Ularning boradigan joyi yo’q,” – deydi ravvin.

Hozircha Isroil va HAMAS o’rtasida otishma to’xtatilgan. Ammo vaziyat tarang. Harbiy harakatlarda Isroil g’alaba qozongan bo’lsa-da, ommaviy so’rovlar G’azoda Hamas tarafdorlari ko’payganini ko’rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG