“Amigos de las Americas” 50 yilligini nishonlamoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning “Amigos de las Americas” tashkiloti 50 yilligini nishonlamoqda. Yarim asr davomida Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasida ko’plab loyihalarni amalga oshirgan tashkilot bu. Nomi “do’stlar” degan ma’noni anglatadi. Nodavlat tashkilot ikki qit’a mamlakatlari orasida haqiqiy do’stlik rishtalarini o’rnatishga muvaffaq bo’ldi.

Xyustonda 50 yil oldin asos solingan “Amigos de las Americas” tashkiloti orqali 26 000 o’quvchi va talaba Lotin Amerikasida ishlab qaytdi.

“Maqsadimiz muhtoj odamlarga yordam berish emas. Biz yoshlarga kelajakda lider bo’lib yetishishni o’rgatamiz, buning uchun dasturlarimiz bor”, – deydi tashkilot xodimi Marta Askerio.

“Amigos de las Americas” Prezidenti Sara Natanning aytishicha, maqsad – ta’lim, sog’liqni saqlash sohalarida vaziyatni yaxshilash va mahalliy resurslarni ko’paytirish.

“Treninglar tashkil etamiz. Yoshlarga jamoada qanday ehtiyojlar borligini aniqlashni va ularni qondirish maqsadida qanday ishlar qilish kerakligini o’rgatamiz”, - deydi Natan.

Sobiq ko’ngilli, hozir tashkilot xodimi Rayan Kingston kompyuterlarni o’rgangan. So’ngra tashkilotga qo’shildi va hayoti o’zgardi.

“Boshqa mamlakatga safar qilish, u yerda yashab ko’rish, o’zga muhitga ko’nikish men uchun zo’r tajriba bo’ldi. Chet tilini, ko’p narsalarni o’rgandim, ilgari bilmagan va qilmagan narsalarni bajardim. Xullas, foydali tajriba orttirdim”,- deydi Rayan.

1965-yildan buyon “Amigos” ko’ngillilari va xodimlari Lotin Amerikasi bilan mustahkam rishtalar o’rnatdi.

Marta Askerio inson xarakteri va fazilatlari iqtisodiy sharoitdan kelib chiqmasligini tushundi.

“Men kambag’allik haqida o’ylamadim, ularga do’stlarim va oilam deb yondashdim. Bu esa mening dunyoqarashimni o’zgartirdi. Kambag’allik nima degani? Baxt-chi? Hamma narsang bo’lsa-yu o’zingni baxtiyor sezmasang? Hayoting qanday bo’lishini xohlaysan?” - deydi Marta.

“Amigos”da ishlaganlarning ko’pi mehnat faoliyatini AQSh Tashqi ishlar vazirligi va turli xalqaro tashkilotlarda davom ettiradi, deydi Natan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG