Breaking News

Saudiya qiroli Obamadan uzr so'radi


Arxiv surat. AQSh Prezidenti Barak Obama va Saudiya Arabistoni qiroli Solmon
Arxiv surat. AQSh Prezidenti Barak Obama va Saudiya Arabistoni qiroli Solmon

Oq uy payshanba kunga rejalangan AQSh-arab sammitida ayrim davlatlar rahbarlarining bo'lmasligini izohlar ekan, bu hol AQSh va Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi o'rtasida xavfsizlik rishtalarini kuchaytirishga g'ov bo'lmasligini ta'kidlaydi.

Yakshanba kuni ma'lum bo'lishicha, sammitda Saudiya Arabistoni qiroli Solmon bo'lmaydi. Uning o'rniga majlisda valiahdi shahzoda Muhammad bin Nayef qatnashadi.

Saudiya Arabistoniga qo'shni Yamanda bugundan jang qilayotgan tomonlar o'rtasida sulh kuchga kirishi kutilmoqda. Ma'lumki, qirollik Yaman prezidentini qo'llab-quvvatlab, unga qarshi bosh ko'targan shia isyonchilarni havodan nishonga olib keladi. Qirol shu masalalar bilan band bo'lishi aytilmoqda.

Solmon dushanba kuni Prezident Barak Obamaga qo'ng'iroq qilib, Vashington yaqinidagi sammitga bora olmasligidan afsus bildirdi va uzr so'radi.

Oq uyning bildirishicha, ikki rahbar sammit kun tartibidagi masalalar xususida fikr almashdi.

Biroq ba'zi xabarlarga ko'ra, Saudiya Arabistoni AQShning Eron bilan kechayotgan yadro dasturiga doir muzokaralarini qo'llab-quvvatlamaydi. Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, qirolning AQShga kelmasligi bu bilan bog'liq emas.

Merilend shtatidagi Kemp Deyvid qarorgohida bo'ladigan sammitda olti arab mamlakatidan faqat ikkitasining rahbari bo'ladi.

Sammitda xavfsizlik rishtalarini kuchaytirish, Iroq, Suriya, Livan, Yamandagi mojarolarga umumiy yechim topish xususida gaplashiladi. Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar muhokamasi ham kun tartibidan joy olgan.

Bugun Yamanda besh kunlik sulh kuchga kirishi kutilmoqda. Hokimiyat uchun kurashayotgan kuchlar gumanitar yordam uchun xavfsiz korridor yaratish maqsadida shunga kelishgan.

Hutiy isyonchilar, hukumat kuchlari hamda so'nggi olti haftadan beri hutiylarni havodan nishonga olayotgan Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya harbiy harakatlarni vaqtincha to'xtatishga rozi bo'lgan, biroq sulhga oxirigacha amal qilinadimi, yo'qmi, noma'lum.

BMTning gumanitar yordam bo'yicha vakili Valeri Amos muhtojlarga oziq-ovqat, tibbiy yordam, toza ichimlik suvi yetkaziladi degan umidda. Odamlar besh kunlik tanaffusdan foydalanib, xavfsizroq joyga ko'chish imkoniyatiga ham ega bo'ladi.

"Yamanda gumanitar vaziyat yomonlashmoqda, yuz minglab odamlar arosatda, yordamga muhtoj. Sulhni buzmaslik juda muhim", - dedi BMT rasmiysi.

Yamandagi ixtilof shu kungacha 1400 dan ziyod odamni nobud qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG