Breaking News

Amerikalik bolalar arab tilini o'rganmoqda


Amerika maktablarida xorijiy tilni o'rgatish shart, degan qoida yo'q. Ko'plab mamlakatlarda maktab o'quvchilari kamida bitta qo'shimcha til o'rgansa, AQShda bunday emas. "Muhim tillar o'qituvchilari" nomli dastur shuni o'zgartirishni maqsad qilgan.

Tamir Alsharkaviy maktab o'qituvchisi.

"O'rgatayotgan narsangizni shu til mansub joyga bog'lab tushuntirsangiz o'zingizga ham, bolalarga ham oson bo'ladi", - deydi u.

Alsharkaviy AQSh Davlat departamentining "Muhim tillar o'qituvchilari" nomli dasturi doirasida kelgan. Xitoy va Misrdan kelgan o'qituvchilar amerikalik maktab o'quvchilariga o'zlarining til va madaniyatlarini o'rgatadi.

"Ayrim ota-onalar menga bog'lanishadi. Chunki ular Vashingtondagi islomofobiya kabi narsalarni bolalariga qanday tushuntirishni bilmaydi. Ular musulmon emas, lekin bolalariga mavzuni to'g'ri tushuntirishni xohlaydi. Shu narsa biz qiladigan ishning bir qismi", - deydi misrlik o'qituvchi.

Bolalarning ko'pi ispanzabon. Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o'qishadi. Endi esa arabcha o'rganishyapti.

"O'quvchilar global ta'lim va xalqaro dunyoqarashga ega bo'lishi tarafdoriman", - deydi o'qituvchilardan biri.

Flora Lerenmen ingliz tili muallimi. U dars beradigan maktab ham chet tillari dasturiga qo'shilgan.

"O'quvchilar bir nechta tilni o'rgansa, hammasini tez qabul qilishga odatlanadi", - deydi u.

Tomonlar bir-birlarining madaniyatini ham o'rganadi.

"Amerikaliklarga nisbatan munosabatim yaxshilana boshladi. "Amerikaliklar arablarni, musulmonlarni yomon ko'radi", degan matbuot xabarlariga ortiq ishonmayman", - deydi o'qituvchi.

Vashingtonning o'zida ko'p narsani o'rganyapman, deydi Alsharkaviy.

"Vashington har qanday millatdagi odam uchun eng ajoyib joy. AQShda olish mumkin bo'lgan eng yaxshi taassurotlarni shu yerdan topasiz", - deydi u.

"Turli rang, din va dunyoqarashdagi odamlar bor", - qo'shimcha qiladi u.

Bu bolalar o'rgangan barcha arabcha so'zlarini yodda saqlay olmasliklari mumkin. Balki o'qituvchilarining nomini ham esdan chiqarar. Ammo muallimlaridan qandaydir xotira qolishi aniq. Balki uning arabligini, musulmon bo'lganini eslashar? Ta'lim va madaniyat almashinuvi uchun shu ham katta gap.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG