Qurg’oqchilik AQSh dehqonlarini daromaddan ayirmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerikada qurg’oqchilik. Mamlakat janubidagi Arkanzas shtatida fermerlar qoramolni boqolmay, sotishga majbur. Yomg’irdan darak yo’q.



Arkanzas dalalari ko’m-ko’kdek. Lekin aslida o’t kam, chorvani to’ydirish qiyin. Havo harorati 40 darajadan yuqori. Osmon bulut. Yomg’ir bir necha daqiqa yog’adi xolos. Dehqonlar shunga ham xursand. Lekin hosil va jonivor uchun bu yetarli emas.

Meteorologlar deydiki, vaziyat yaxshilanishi uchun namlik kamida 38 santimetr bo’lishi kerak.

O’tning kamligi sababli Karen Xaralson molga qimmatroq yem berishga majbur. Yog’ib o’tgan yomg’ir yordam bermadi, deydi fermer.

“O’t ko’kardi, to’g’ri, lekin yomg’ir oqibatida unga faqat rang kirdi xolos, o’sishga esa hech o’smadi”.

Xaralson qora mol sonini 250 dan 150 gacha kamaytirishga majbur bo‘ldi. Kelasi yilda qiynalishim turgan gap, deydi ayol.

“Ferma uchun sigirlarim yetarli emas. Ularning o’rniga boshqalarini sotib olaman desam, qora mol soni kamaygan bo’ladi, demak narxlar osmon baravar bo’lishi aniq. Nima qilaman, hayronman endi”.

Fermerlar yig’ilib hasratlashadi. Dehqon, chorvador dardini ularning o’zidan boshqa hech kim yaxshiroq tushunmaydi.

“Birinchi hosilni sotgach pulni o’g’itga sarfladik. Hosil kam edi. Daromad ham. Endi esa qurg’oqchilik sababli ikkinchi hosilga umid qilmasa ham bo’ladi, ekinning hammasi qurib bo’ldi,” - deydi bir fermer.

Darhaqiqat, bu yil soya, sholi va makkajo’xori hosili kutilganidan 50 foiz kamroq bo’ladi, deydi mutaxassis Xenk Cheyni. Yog’ingarchilik kam bo’lgan yillari ahvol shu, deydi u.

“Yaxshi, kuchli va uzluksiz uch-to’rt kun yog’adigan yomg’ir kerak bizga. Bir hafta yog’sa undan ham yaxshi bo’lardi. Yer sug’orilardi. O’t o’sardi. Hammamiz nafasimizni rostlab olardik”.

Cheyni deydiki, fermerlarning 30 foizigina yerosti suvlaridan ekinni sug’orish uchun foydalana oladi.

​Bunday irrigatsion tizim juda qimmat. Ishatish ham oson emas.

Ammo Kris Shefers xarajatga arziydi deydi. Uning xo’jaligida sakkizta shunday moslama bor. Hosil yaxshi bo’ladi, bankdan kam foizli kredit olish mumkin, daromad ham yomon emas.

Sheferlar oilasi uchun narxning oshishi – xush xabar. Qurg’oqchilikdan ular xursand.

O’z irrigatsion tizimiga ega fermerlar bir amallab bu yilni o’tkazadi. Qolganlarning esa ona-tabiatga umid qilishdan boshqa iloji yo’q.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG