AQShdagi harbiy bazalarda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda

  • Amerika Ovozi

Pentagon

Pentagon

AQSh armiyasi mamlakat bo'ylab harbiy bazalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Federal qidiruv byurosi (FQB) ma'lumotiga ko'ra, mamlakatda askarlarga va politsiya xodimlariga jangarilar hujum qilishi xavfi ortgan.

Pentagonning bildirishicha, bu o'zgarishlar so'nggi paytlarda yuz bergan voqealarga bog'liq bo'lib, kutilayotgan aniq bir tahdidga aloqador emas.

FQB direktori Jeyms Komining aytishicha, AQShda "Islomiy davlat"ni internet orqali qo'llab-quvvatlovchi minglab odam bo'lishi mumkin.

"Mamlakat bo'ylab yuzlab, balki minglab ana shunday odamlar bor. Ular AQShga qarshi hujum qilish haqidagi terrorchi guruh da'vatlaridan ilhomlanishi mumkin, - deydi Komi. "Islomiy davlat" harbiylar va huquq-tartibot organlarini nishonga olayotgani haqida xavotirlarimiz bor".

O'tgan hafta qurollangan ikki shaxs Texas shtatida islom payg'ambari haqida suratlar tanlovi o'tkazilayotgan joyga hujum uyushtirdi.

Hujum uchun "Islomiy davlat" mas'uliyatni o'z zimmasiga olgan, ammo AQSh rasmiylariga ko'ra, guruhning hujumni tashkillashtirishda bevosita ishtirok etganiga doir yetarli dalil mavjud emas.

"Bu ikki shaxs "Islomiy davlat" yoki dunyodagi boshqa terror guruhlari bilan biror aloqaga ega bo'lganmi, FQB va boshqa razvedka idorasi vakillari shuni hanuz tekshiryapti", - deydi Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest.

Hujumni uyushirganlar Elton Simpson va Nadir Sufi ekani aniqlangan. Ular Arizonaning Feniks shahrida birga yashagan. Hujumda bir politsiyachi yaralangan, Simpson va Sufi esa otib o'ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG