Breaking News

Hunarmandning mahsulotiga qiyin davrlarda ham talab katta


"Hardwood Artisans" kompaniyasi Virjiniya shtatida joylashgan. Fayzli mebel yasab tanilgan.
"Hardwood Artisans" kompaniyasi Virjiniya shtatida joylashgan. Fayzli mebel yasab tanilgan.
AQShdagi mohir hunarmandlar-Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:22 0:00
Yuklab oling

AQShdagi iqtisodiy vaziyat endi yaxshilana boshladi. Virjiniya shtatida duradgor ustalar esa chuqur krizis paytida ham chiroyli, ixcham va sifatli buyumlar yasashda davom etdi.

Xo’sh, ko’p yillardan beri mijozlarga xizmat qilayotgan bu firmaning muvaffaqiyat sirlari nimada?

Festus Kamara yoshligidan duradgorlikka qiziqqan. Hozir u Virjiniya shtatidagi "Hardwood Artisans" (Yog’och hunarmandlari) firmasida 40 kishi bilan ishlaydi.

“Xaridorlar men yasagan buyumlarni sotib oladi va uyiga olib borib, foydalanadi. Bu haqida o’ylasam, ishimdan mamnun bo’laman. Bir-ikki marta emas, umr bo’yi foydasi tegadi mahsulotimning,” - deydi u.

1976-yildan buyon faoliyat yuritayotgan bu kompaniya uchun eng muhimi mana shu - ishdan faxrlanish.

Hunarmand duradgorlar qo’llaydigan xomashyo Amerikaning o’zidan. Mahalliy yog’ochdan sifatli mol yasaladi. Har biri nodir, bunaqasini boshqa yerdan topish qiyin.

Mark Gatterdam kompaniyani boshqaradigan olti kishidan biri. Bu yerda 500 turdan ortiq buyum ishlab chiqariladi va poytaxt Vashingtondagi to’rtta do’konda sotiladi.

Yotoq uchun mo'ljallangan mebeldan tortib, oshxonagacha... Hammasi xaridorga muntazir.

Narxlarni past deb bo’lmaydi. Lekin hatto bugungi iqtisodiy vaziyatda mijozlar yetarli, deydi Gatterdam.

“Iqtisodiy krizisdan qanday chiqdik, deysizmi? Telefon jiringlaganda, mijozlar bilan gaplashdik. Nimani istashsa shuni yasab berdik. Narsalarning yarmi buyurtmaga ko’ra yasaladi. Mijozning uyiga borib, xonasini o’lchayman. So’ng dizayner, duradgor ishlaydi. Tayyor bo’lganida borib o’rnatamiz”.

Xaridor o’zgarmoqda, deydi Gatterdam.

“Yoshlar ko’p. Ilgari xaridorlarning o’rta yoshi 45-65 atrofida edi. Endi esa yoshi 30 dan sal oshganlar tez-tez keladi”.

Uyidan turib ishlayotganlar ko’paygan sari xonaki ofis uchun mebelga talab ham oshgan.

Stol yoki shkaf bo’ladimi, sifatli mahsulotni xaridor baribir qidirib keladi, deydi Gatterdam.

“Hech kim 4000 dollarga javon sotib olgisi kelmaydi. Lekin bizda mijozlarning keti ko’rinmaydi. Oshxona uchun stol va stulni do’konimizdan olsangiz, biling-ki, umr bo’yi xizmat qiladi”.

Gatterdam hunarmandlar hech vaqt ishsiz qolmasin, deya umid qiladi.

“Zo’r sifatni saqlab qolganimiz uchun ishimiz yaxshi. Mebel yasaydigan firmalarning 90 foizi aynan o’rtamiyona molni deb yopilib ketadi”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG