Osiyolik amerikaliklar: biz haqimizda xato tasavvurlar o'zgarsin

  • Amerika Ovozi

AQShda turli irq va elatlarning vakillari yashaydi. Ular haqida muayyan tasavvurlar ham shakllangan, ayrimlari salbiy. Ammo muhojirlar orasida osiyoliklar ajralib turadi. Aqlli, mehnatsevar, maftunkor va namunali insonlar deb hisoblashadi ularni. Ammo ayrim osiyolik amerikaliklar nazaridad ijobiy stereotiplarning ham salbiy jihatlari bor.

Madaniy xilma-xillik boylik deb qaraluvchi Amerikada har bir kichik guruh haqida o’ziga xos tasavvurlar mavjud. Ko’plari salbiy. Osiyoliklar boshqalar uchun o’rnak qilib ko’rsatiladi.

Kelib chiqishi filippinlik Edvard Santos boshlig’ining so’zlarini keltiradi:

“Filippinliklar va, umuman, osiyoliklar juda mehnatkash, degan menga. Bu rost. Ko’proq filippinliklarni ishga olgan. Zo’r-ku”.

Xitoylik Joy Chen maktabdagi yondashuv haqida shunday deydi:

“O’qituvchilar nazarida men yaxshi o’qiydigan odamlardanman. Bunday umidlarni oqlamay bo’ladimi. Albatta, harakat qilaman-da”.

Chen Los-Anjeles shahar hokimiyatida ishlagan. Osiyoliklar haqidagi bu tasavvurlar yaxshi, deydi u, ammo boshqa elatlarga nisbatan adolatsizlik emasmi?

“Menga odamlar kelib, “bilasanmi, qora tanlilar va meksikaliklarning kollejda o’qimasligining sababi ular ta’limni oq tanlilar yoki osiyoliklar kabi qadrlamaydi”, deydi. Bunday fikrlash esa juda yomon oqibatlarga olib borishi mumkin,” - deydi u.

San’atkor Kristina Von fikricha, osiyoliklarga “namunali guruh” deb qarash ayrim hollarda loqaydlikka yetaklashi mumkin.

“Chunki bir qarasangiz hammasi a’lo darajada. Ular chiroyli, mehnatsevar, hech qanday muammosi yo’q. Ammo bunday parda ortida aslida ko’pgina muammolar borligini aksariyat bilmaydi”.

Von osiyolik amerikaliklarning ruhiy salomatligini, xususan ayollar orasida depressiya va suiqasd hollarini o’rganadi. Yetakchi mutaxassis Jenevyev Erin Obrayenning aytishicha, ko’plar tibbiy yordam izlamaydi, chunki kasali oshkor bo’lishini istamaydi, yashiradi.

“Osiyolik amerikaliklar - etnik yig’indi, ayrimlari ikki elat qorishmasi. Ota-bobolari Amerikada yashagan, lekin kelib chiqishi, masalan, yapon bo’lganlarning ruhiy salomatlikka munosabati eskicha. Ular yordam so’rashni uyat deb biladi”.

O’z ijodi orqali Kristina Von noto’g’ri tasavvurlarni o’zgartirishga urinmoqda. Ayniqsa, amerikalik erkaklar orasida osiyolik ayollarga qiziqishni qoralaydi.

“Irq bu holda tashqi ko’rinish deb tushuniladi. Bu esa noto’g’ri,” - deydi u.

Lekin ayrimlar uchun bu muammo emas.

“Sizga shu yoqsa, nima ham qila olardingiz,” - deydi bir ayol.

“Menimcha, turli irq va elat vakillariga ijobiy munosabat bo’lsa-da, salbiysi ularga yomon ta’sir qilmasa, buning hech yomon joyi yo’q,” - fikr bildiradi mana bu erkak.

Ammo ayrim erkaklarda bu stereotiplar nihoyatda kuchli, deydi Obrayen.

“Osiyolik ayollar bokira va ayni vaqtda o’ta seksual, maftunkor bo’lishi kerak deb o’ylashadi”.

O’qishda bo’ladimi, sahnadami, gapirish kerak, noto’g’ri tasavvurlarni yengish lozim, deydi Von.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG