Amerikada texnologiya sohasida ish ko'p, deydi muhojirlar

  • Amerika Ovozi

Chikagoda “Prosoft” texnologiya kompaniyasi egasi, hindistonlik Pit Tapaskar bo’sh ish joylarini to’ldirish uchun yetuk mutaxassis izlamoqda

Chikagoda “Prosoft” texnologiya kompaniyasi egasi, hindistonlik Pit Tapaskar bo’sh ish joylarini to’ldirish uchun yetuk mutaxassis izlamoqda

Kelib chiqishi osiyolik fuqarolar Amerikada aholining qariyb besh foizini tashkil etadi. Osiyolik deganda bu jamiyatda asosan xitoy, koreys, yapon, filippino, vyetnam va hindlar nazarda tutiladi. Ilm-fan va texnologiyada ular juda ilg’or.



Chikagoda “Prosoft” texnologiya kompaniyasi egasi, hindistonlik Pit Tapaskar bo’sh ish joylarini to’ldirish uchun yetuk mutaxassis izlamoqda.

“Bu yerda bizning sohani o’rganganlar kam. Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlardan odam yollashga majburmiz. Mutaxassis qayerda bo’lsa, o’sha yerdan topamiz”,- deydi u.

Tapaskarning aytishicha, kompaniya xodimlarining 80 foizga yaqini xorijdan, xususan Hindistondan.

Informatsion texnologiya sohasi daqiqa sayin rivojlanib boryapti. Amerikada talab bag’oyat katta. Lekin muhandislik va boshqa o’xshash sohalarni o’rganayotgan yoshlar oz. Hindistonda esa ular juda ko’p.

Qarabsizki, Amerika o’zgarib bormoqda.

Hindlar axborot texnologiyasi sohasida yetakchi

Hindlar axborot texnologiyasi sohasida yetakchi

Amerikada hind muhojirlar soni bo’yicha Chikago uchinchi o’rinda turadi. Jamoa tezlikda kengaymoqda.

Shoji Metyu 10 yil oldin ishchi vizasi bilan kelgan ekan.

“Ishchi vizalarining 90 foizini hindlar oladi”,- deydi u.

“Immigratsiya deganda ishchilarni tasavvur qilavering. Hindistonliklar bu borada yetakchi…”

Tuyet Le Osiyo-Amerika Instituti direktori. Immigratsiya oqimini uzoq yillardan beri kuzatib keladi. Osiyoliklar Amerika jamiyatini tubdan o’zgartira boshlagan, deydi u.

“Illinoys shtatini oling. Hindlar bu yerda eng katta muhojir jamoalardan biri. Xitoy va fillipinolardan ham oshib ketgan. Rasmiy hisoblar buni isbotladi. Bu ko’pchilikni lol qoldiradi, lekin haqiqat”.

Shoji Metyu bundan hayron emas. Ishlayman, tirikchilik qilaman deb ezgu niyat qilgan, qora terga botib, Amerika orzusiga erishganlar ko’p, deydi u.

“Men H1-B vizasi bilan kelganman. Axborot texnologiyasi sohasi egalari odatda shu tarzda keladi. Mendek mutaxassislarga talab oshganiga ancha bo’ldi. Kompyuterchilar yetishmaydi bu yerda. Bu sanoat taraqqiy etgan sari talab ham ortdi",- deydi Metyu.

Viza cheklangan muddatga beriladi. Lekin ish beruvchiga ma’qul tushsangiz, shartnoma uzaytiriladi va viza yangilanadi. Keyinchalik doimiy yashash uchun ruxsat olishingiz mumkin. Jarayon murakkab, ammo talab bor ekan, harakat ham bor.

“2001-yilning 11-sentabridagi voqealar ketidan viza olish qiyinlashdi. Kvota kamaydi”,- deydi Tapaskar.

U singari sanoatchilar hukumatdan ko’proq viza berishni so’ramoqda. Ish bor, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG