AQSh Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomatini yangiladi


Prezident Barak Obama 2012-yilda Birmaga safari chog'ida olingan surat. Nisha Bisvol, uning fikricha, Janubiy va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni oshirib, aloqalarni mustahkamlashga qodir arbob.

Prezident Barak Obama 2012-yilda Birmaga safari chog'ida olingan surat. Nisha Bisvol, uning fikricha, Janubiy va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni oshirib, aloqalarni mustahkamlashga qodir arbob.

Shu yilning iyul oyida AQSh prezidenti Barak Obama davlatning Janubiy va Markaziy Osiyo bilan aloqalariga mas'ul bosh diplomati etib hind-amerlikalik Nisha Bisvolni tayinlash niyatida ekanligini bayon qilgan edi. Bir oy oldin Senat tasdig'idan o'tgan Bisvol xonim 21-noyabr kuni Davlat departamentida qasamyod keltirib, rasman ishga kirishdi.

2009-yildan beri bu lavozimni Robert Bleyk (Robert Blake) egallab kelayotgan edi. Bleyk - Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston bilan aloqalarning jonlanishi, Afg'oniston bo'yicha hamkorlikning kengayishi, yillik maslahat kengashlarining yo'lga qo'yilishi, rasmiy safarlarning jadallashishi, iqtisodiy hamkorlikka ko'proq urg'u berilishi, Yangi Ipak Yo'li tashabbusining qayta tanishtirilishi ortida turgan arbob. Professional diplomat. U hozirda Indoneziyaga elchilikka tayinlangan.

Nisha Bisvol (Nisha Desai Biswal) so'nggi yillarda AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) rahbari o'rinbosari edi. Janubiy va Markaziy Osiyo bilan aloqalariga mas'ul bosh diplomat rasman Davlat kotibi muovinidir. Bugunga qadar osiyolik biror mutaxassis yuqoridagi lavozimga tayinlanmagan.

Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo byurosi Markaziy Osiyoning besh respublikasi qatorida Afg'oniston, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shri Lanka, Nepal, Maldiv orollari va Butan bilan rishtalarni tebratadi. Byuro rahbari sifatida Bisvol Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakil Jim Dobbins bilan ishlaydi.

Qasamyod marosimida so'zlagan Davlat kotibi Jon Kerri Nisha Bisvolni 2 milliard aholi yashaydigan va yiliga yalpi daromad 2 trillion dollarni tashkil etadigan ulkan hudud bilan munosabatlarni eplay oladi, deya ishonch bildirdi.

Bisvol Kongressda qonunchilar qo'lida ishlab pishgan, keyinchlik esa Davlat departamentida yuqori kursilarni egallagan. Mintaqaviy ekspert emas. USAID rahbarlaridan biri sifatida gumanitar yordam masalalarida Markaziy Osiyo hukumatlari bilan muloqot qilgan.

Uning region bo'yicha bilimi ancha cheklangan, deya tan oladi uni yaxshi tanigan rasmiylar, biroq xonim Amerika tashqi siyosatining tub maqsadlari va tamoyillaridan chuqur xabardor, ularni targ'ib qilib, belgilgangan siyosatni amalga oshirishga qodir.

Virjiniya Universitetidan bakalavrlik diplomini olgan xonim kasbiy faoliyatini Vashingtonda Amerika Qizil Xoch qo'mitasida boshlagan. Armaniston, Gruziya va Ozarbayjonda ishlagan.

Markaziy Osiyo Amerika bilan chigal aloqalarga ega. Nisha Bisvol nimani eplaydi, buni albatta vaqt ko'rsatadi.

AQSh-Markaziy Osiyo hamkorligi xususida ayrim materiallar:
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG