Breaking News

AQSh Bolqon davlatlarini etnik ziddiyatlarga barham berishga chaqirmoqda


Bolqon urushidan so’ng G’arb sarmoyalari va faolligi tufayli mintaqaning bir qismi katta yutuqlarga erishdi. Ammo muammolar ham yo’q emas. Amerikalik ayrim tahlilchilar nazarida Bolqon davlatlarini Yevro-Atlantika ittifoqiga integratsiyalashda qo’llab-quvvatlash lozim.

Qo’shma Shtatlar Bolqon yarimorolining g’arbiy qismida so’nggi yillarda bir qator muvaffaqiyatlar qo’lga kiritilganidan mamnun. Xususan, Xorvatiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’ldi, Kosovo va Serbiya o’rtasida bitim imzolandi, Albaniyada hokimiyat tinch yo’l bilan almashdi.

Jonatan Mur Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Yevropa masalalari bilan shug’ullanadi.

“Qo’shma Shtatlar butun mintaqaning Yevro-Atlantika blokiga kirishini istaydi. Amerikadagi ham demokratik, ham respublikachi prezidentlar Yevropani yaxlit, erkin va barqaror bo’lishini istab kelgan”, - deydi Mur.

Biroq AQSh rasmiysining aytishicha, region mamlakatlari etnik va milliy tortishuvlarga va ziddiyatlarga barham berishi, korrupsiyaga qarshi kurashishi, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishi, xavfsizlik va qonun ustuvorligini kuchaytirishi zarur.

“Hamkorlikni yo’lga qo’yganmiz, niyatimiz jiddiy. Bu mamlakatlarning barchasi kelajakda Yevropa Ittifoqiga, istasa, NATOga qo’shiladi degan umiddamiz. Bu bizning uzoq yillik pozitsiyamiz va kelajakda ham shunga intilamiz”.

Bolqon davlatlarining boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilishi ham muhim, deydi Vashingtondagi Transatlantik aloqalar markazi tahlilchisi Edvard Jozef.

“Mintaqadagi dolzarb muammolarga yechim kamdan kam hollarda ichkaridan, fuqarolik jamiyati yoki siyosiy jarayon orqali taklif etiladi. Odatda tashqi aralashuv – AQSh yoki yevropalik ittifoqchilarning ishtiroki talab qilinadi”, - deydi Jozef.

Tashqi aralashuv esa hamisha mojaro yuz bergandagina kuzatiladi, deydi Jozef. Mutaxassis misol keltirar ekan, Kosovo va Serbiya o’rtasidagi aloqalarning iliqlashishi ortida AQSh va Yevropa Ittifoqi diplomatlarining tinimsiz harakatini ko’rsa bo’ladi, deydi.

Makedoniya va Bosniya og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Makedoniya NATO a’zosi Gretsiya bilan jug’rofiy nomi bo’yicha tortishib alyansga kira olmayapti. Bosniyada esa etnik ziddiyatlar hali ham davom etmoqda.

Jozefning aytishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zolik istiqboli Bosniyani muammolarini hal etishga rag’batlantira olmadi. Uning nazarida Bolqondagi urushga yakun yasagan Deyton tinchlik bitimi Bosniyaga foyda bermadi.

“Bosniyaga kelganda strukturaviy muammoga yuz tutyapmiz. Bitim shartiga ko’ra urush yakunida ishlangan konstitutsiya ana shu muammoning ildizi. Richard Xolbrukning vazifasi urushga yakun yasash edi, davlat qurilishi emas”.

Davlat departamenti rasmiysi Mur Bosniya masalasi chigal ekanini tan oladi. Deyton tinchlik bitimi urushni tugatishga yordam bergan bo’lsa-da, Bosniyani etnik jihatdan bo’lib qo’ydi, deydi u.

“Masalani qayta ko’rib chiqish mumkinmi degan muhim savol tug’iladi va, afsuski, “yo’q” degan javob olamiz”.

Bolqon yarimorolidagi ko’p davlatlarda joriy yilda saylovlar o’tkaziladi. Jarayon ularga demokratik taraqqiyot yo’lida hamda Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya tomon olg’a qadam qo’yishga yordam beradimi, yo’qmi, hozircha ma’lum emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG