AQShda "havaskor" fermerlar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Mark Mills

Mark Mills

Qishloq xo’jaligi sohasida AQSh dunyo mamlakatlari orasida birinchilardan. Vaholanki, amerikaliklarning bor-yo’g’i ikki foizi fermer. So’nggi yillarda dehqonchilik bilan shug’ullanishni afzal ko’rayotganlar ko’paymoqda. Yangi fermerlarning ko’pginasi bu sohada tajribasi yo’q havaskorlar.

Mark Mills novvoyxonadagi ishini dehqonchilikka almashtirdi. Bu qarorga ikki narsa turtki bo’lganini aytadi u:

“Haddan ziyod g’ayrat va ma’lum ma’noda nodonlik,” - deydi u.

Mills tarix fani bo’yicha diplomga ega. O’z uyida bog’dorchilik bilan shug’ullangan. 26 yil restoranda ishlab qo’ygan.

Xo’sh, nima sababdan dehqonchilikni tanladi?

“Bu yer juda go’zal. Ishlaging keladi. O’zimga xo’jayinman. Ovqatni yaxshi ko’raman,” - tushuntiradi u.

Tansiq ovqatga ishtiyoq butun mamlakat bo’ylab kuchaygan ko’rinadi. So’nggi 10 yil ichida Amerikada dehqon bozorlari soni ikki baravar ko’paydi.

Federal, shtat va mahalliy hukumatlar yaxshi tushunadiki, dehqonchilik bu yangi ish joylari hamda kichik bizneslarning ko’payishi degani. Mark Mills Merilend shtatidan yordam oldi.

Iqtisodiy taraqqiyot boshqarmasidan Sara Miller dastur muvaffaqiyatli kechayotganini aytadi.

“Qancha odam bizga murojaat qilishini tasavvur ham qilmagan edik. To’rt kishi kelib yozildi”.

Yangi fermer shtatdan quyidagicha yordam oladi:

“Yer sohibi bilan meni bog’lashdi, bu eng asosiysi. Panjara va irrigatsion tizim uchun pul ajratishdi. Ishni boshlab olishda ancha qo’l keldi,” - deydi Mills.

Yangi kasbni egallashda Millsning ustozi - tajribali fermer Vudi Vudruf.

“Eng muhimi - hosil mavsumini uzaytirishni o’rganish kerak. Fermer nafaqat yozda, balki kech kuz va erta qishda ham hosil olishni bilsin,” - deydi u.

Masalan, ekin ustini yopish uni muzlashdan asraydi.

Millsning birinchi hosili yomon bo’lmadi: qariyb 450 kilogramm sholg’om, 90 kilo sabzi, 130 kilo ko’kat va boshqa sabzavotlar.

Eng qiyini ekish yoki hosil olish emas, uni sotish ekan, deydi Mills.

“Ozgina ziyonga qoldim. Ishni boshlash uchun 5000 dollar sarflagan edim. Hosilni sotib bo’lganimda sof foyda 4500 dollar bo’ladi”.

Yaxshiyamki, Millsning turmush o’rtog’i topgan pul oilaga yetib turibdi. Yosh dehqonlar ferma oyoqqa turmagunicha boshqa daromad manbaiga muhtoj.

Lekin Mills hech nimadan afsuslanmaydi.

“Odam o’ziga ma’qul ishni qilishi kerak. Menga shunday imkoniyat berildi”, - deydi yosh fermer.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG