Sanders sabab AQShda sotsializmga qiziqish oshayaptimi?

  • Amerika Ovozi

Berni Sandersning Ayova shtatida, 15-avgust 2015-yil

Berni Sandersning Ayova shtatida, 15-avgust 2015-yil

Bepul ta’lim. Minimal maoshni ikki baravar oshirish. Barcha uchun bepul tibbiy xizmatlar. Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vogar Berni Sanders amerikaliklarga aynan shularni va’da qilmoqda. U sotsializm g’oyalarini qo’llab-quvvatlashini inkor etmaydi.

G’arbdagi boshqa davlatlardan farqli o’laroq AQShda sotsializm hech qachon ildiz otmagan. Bu mafkurani ilgari suradigan siyosiy partiyalar ham yo’q.

Sovuq urushdan beri sotsializm so’zi AQSh siyosiy doiralarida haqorat bilan barobar.

Vermont shtatidan senator o’zini sotsialist desa-da, saylovchilar orasida obro’si oshib bormoqda. Har bir chiqishida o’n minglab odam qatnashadi.

Kutilmagan obro’

Sanders demokrat da’vogarlar orasida Hillari Klintondan keyin ikkinchi o’rinda. Ayova shtatidagi chiqishidan keyin uning reytingi ancha ko’tarildi.

Xo’sh, bu amerikaliklar sotsializm haqdagi qarashlarini o’zgartirayotganidan darakmi?

Mamlakat yoshlari "sotsializm" iborasi bilan yaxshi tanish emas.

"30 dan yosh amerikaliklarga Berni Sandersni sotsialist deyish befoyda. Ular fikri bu bilan o’zgarib qolmaydi”, - deydi Massachusets universitetidan professor Richard Volff.

“Gallup” tashkiloti o’tkazgan so’rovda ham aynan shu aniqlandi.

Yosh amerikaliklar sotsializmga tanqidiy yondashmaydi

Yoshi 18 dan 29 gacha bo’lgan yigit-qizlar sotsialist nomzod uchun ovoz berish muammo emas, deb aytadi. Yoshi kattaroq amerikaliklar orasida bunday nomzodga 47 foiz odam ovoz berishi mumkin.

"Yoshlar Sovuq urushni eslamaydi. Uning tugaganiga 20-30 yil bo’ldi. Hozirgi yoshlar u davr tarixini yaxshi bilmaydi”, - deydi professor.

73 yoshli senatorning saylovchilarga yoqishi ortida yana bir sabab bor. U ham bo’lsa AQSh iqtisodidagi qiyinchiliklar hamda so'nggi yillarda kuchaygan tengsizlik.

“Amerikadagi eng katta muammo, nazarimda, boy va kambag’allar orasida tobora chuqurlashayotgan tafovut,” – deydi Missuridan aspirant Kristi Goldsmit.

Kristi 2008-yilgi saylov kampaniyasi chog’ida Xillari Klinton shtabida ishlagan. Ammo kelasi yilgi saylovda Sandersga ovoz bermoqchi.

“Men o’zimni demokrat-sotsialist deyman. Lekin buning an’anaviy sotsializmdan farqini unutmang”, - deydi u.

Demokratik sotsializm

Sanders ham o’zini demokrat-sotsialist deb biladi. Bu mafkura bir partiya ustuvorligi va davlatning iqtisodni boshqarishi kabi marksizm-leninizm doirasidagi sotsialistik g’oyalardan keskin farq qiladi, deydi u.

“Demokratik sotsializm deganda oddiy odamlar manfaatlarini aks ettiradigan hukumatni tushunish kerak, hozirga o’xshab milliarder boyvachchalar manfaatlarini emas”.

Sanders Skandinav mamlakatlarini misol tariqasida keltiradi. Barcha uchun bepul tibbiy xizmatlar, davlat byudjetidan ta’minlanadigan oliy o’quv yurtlari, ishchilar uchun kuchli ijtimoiy muhofaza.

"Bizning hukumat uchun shu mamlakatlar o’rnak bo’lishi kerak", - deydi u.

Britaniyalik siyosiy tarixchi Jeyms Boys Sanders g’oyalari Yevropa mamlakatlaridagi leyboristlar, liberallar va boshqa so’l partiyalar g’oyalari bilan hamohang, deydi.

“Bu mafkura doirasida hukumatning iqtisoddagi roli, sanoatni davlat tasarrufiga o’tkazish, umumiyat-la hukumat rolini kattalashtirishga e’tibor beriladi. Bu liberalizmmi yoki undan-da o’tib tushadigan sotsializmmi? Bu savolga har bir kishi o’zi javob berishi kerak”.

Sanders prezident bo’la oladimi?

Taniqli olim Noam Chomski Sanders demokratlar partiyasidan yagona nomzod bo’la olishiga ishonmaydi. Biroq uning kampaniyasi boshqa nomzodlar platformasiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin, deydi professor.

"Uning kampaniyasi davomida odatda chetda qolib ketadigan savollar ko’tarilyapti. Bu esa demokratlarni dolzarb masalalarga progressivroq yondashishga undaydi”, - deydi Chomski.

Sanders prezidentlikka boshqa da’vogarlar, xususan Hillari Klinton siyosiy platformasiga ta’sir qilayotgani aniq.

“Klinton ham Berni Sanders tarafdorlarini o’z tarafiga o’gdirish uchun xo’ja ko’rsinga bayonotlar bermoqda”.

Sanders obro’si Amerikada sotsializm mafkurasini qo’llab-quvvatlayotganlar sonining ko’payishiga olib keladimi yoki yo’q, buni vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG