Breaking News

Tramp AQShda tug'ilganlarga fuqarolik berishga qarshi


Respublikachi nomzodlar Donald Tramp va Jeb Bush
Respublikachi nomzodlar Donald Tramp va Jeb Bush

Ozod etilgan qullarga AQSh fuqaroligini berish haqdagi bundan 150 yil avval qabul qilingan qonun prezidentlik kampaniyasining dolzarb mavzuiga aylandi.

Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp immigratsiya masalasiga oid rejasini e’lon qilganida AQSh hududida tug’ilgan har bir bolaga AQSh fuqaroligini berish haqdagi qonunni bekor qilishni taklif etdi.

1865-yilda Fuqarolar urushi tugaganidan so’ng Kongress Konstitutsiyaga 14-o'zgartish kiritgan edi. Unga ko’ra, endi ozod etilgan qullarga fuqarolik hamda ma’lum huquqlar berilgan.

Tramp va uning partiyadoshlari AQShda qonuniy maqomsiz yashayotgan ota-onaning bu mamlakatda tug’ilgan farzandiga fuqarolik berilishiga qarshi.

Tramp bunday bolalarni “langar bolalar” deb atadi.

"Uzoq vaqt kerak"

Tramp Konstitutsiyaga yana bir o’zgartish kiritish juda uzoq vaqt olishini aytar ekan, shunga qaramay prezident sifatida sudda masalaning qayta ko’rib chiqilishini talab qilajagini bildirdi.

"Tug’ilish orqali fuqarolik olish huquqi noqonuniy immigratsiyadagi eng katta magnit”, - dedi Tramp.

Tennesining Neshvil shahridagi Vanderbilt universiteti huquqshunos- professori Suzanna Sherri Tramp oldida ikki yo’l bor, deydi: biri - Konstitutsiyaga yana bir o’zgartish kiritish yoki, ikkinchisi, - Oliy Sudni ilgargi talqin noto’g’ri ekanligiga ishontirish.

Konstitutsiyaga o’zgartish kiritish nihoyatda murakkab jarayon, uning uchun taklifni Senat hamda Vakillar palatasi a’zolarining uchdan ikki qismi qo'llab-quvvatlashi, so’ngra AQSh shtatlarining to’rtdan uch qismi uni tasdiqlashi kerak.

14-o'zgartishda bunday deyiladi: “AQShda tug’ilgan yoki fuqarolik olgan barcha shaxslar AQSh yurisdiksiyasi subyektlari bo’lib, AQSh hamda yashayotgan shtatlar fuqarolari hisoblanadi”.

Undan asl maqsad afro-amerikaliklarning ham AQSh, ham ular yashagan shtatlar fuqarosi ekanini tan olish bo’lgan, tushuntiradi professor Sherri.

Chunki undan oldin 1857-yilgi Dred Skott ishida afro-amerikaliklar shtat fuqarolari emasligi qayd etilgan edi.

Huquqlarni olib qoyish mumkin emas

Umumiyat-la, “Kongress istagan odamga fuqarolik berishga haqli, ammo Konstitutsiyaga ko’ra, fuqarolikka ega shaxsdan bu fuqarolikni olib qo’ya olmaydi”, - tushuntiradi olima.

Atlantadagi Emori universitetidan huquqshunos-professor Polli Prays tug’ilganida berilgan huquqni olib qo’yishning yagona yo'li - Konstitutysiyaga o’zgartish kiritish, deydi.

Biroq 14-o’zgartishni bekor qilish juda qiyin bo’ladi, deydi bir ovozdan mutaxassislar.

Birinchidan, haydovchilik guvohnomasi yoki boshqa hujjat olish uchun ariza topshirgan kishi o’z fuqaroligini isbotlash uchun ota-onasining tug’ilganlik haqdagi guvohnomasini ko’rsatishga majbur bo’ladi, vaholanki ko’pgina mamlakatlarda bu masalada jiddiy chalkashlik mavjud.

Ikkinchidan, 14-o’zgartishni bekor qilish fuqaroliksizlik masalasini keltirib chiqaradi. Noqonuniy muhojirlar va ularning AQShda tug’ilgan farzandlari fuqaroligi bo’lmagan shaxslar - apatridlarga aylanadi. Shunday ekan, ularni hech qayerga deportatsiya qilib ham bo’lmaydi.

Tramp taklifiga boshqa respublikachilar, xususan Janubiy Karolinadan senator Lindsi Grem, Luiziana gubernatori Bobbi Jindal, Kentukidan senator Rend Pol va Pensilvaniyaning sobiq gubernatori Rik Santorum qo'shildi.

Yana bir nomzod Karli Fiorina taklifga qarshi. “Keling, e’tiborimizni chegara xavfsizligini ta’minlash, immigratsiya tiziminini to’g’irlash kabi hukumat ma’sul bo’lgan masalalarga qarataylik”, - deydi u.

AQShda tug’ilish

Trampning ta’kidlashicha, har yili AQShda hujjatsiz muhojirlarning 400 ming nafar farzandi tug’iladi va fuqarolik oladi.

“Pew” tadqiqotlar markazidan Jeffri Passelga ko'ra, bu raqam 10 yil avval to’g’ri edi. Ammo bugunda taxminan 300 mingga teng.

Tramp Meksika-AQSh chegarasida baland devor qurish kerak, deydi va buning uchun pulni Meksika to’laydi, deb va’da qilmoqda.

Tug’ilish va fuqarolik olish huquqi

“NumbersUSA” nodavlat tashkilotiga ko’ra, dunyoning qariyb 200 mamlakatidan 30 tasida shu mamlakat tuprog’ida tug’ilgan bolaga fuqarolik beriladi. Ulardan biri – AQSh.

Kanada, Lotin va Janubiy Amerika mamlakatlarida ham o'xshash qonun mavjud, deydi professor Prays. AQSh farqi shundaki, bu huquq Konstitutsiyada bitilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG