Din

AQShda din va so'z erkinligi yuzasidan bahslar kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Islom payg'ambari haqida karikatura chizgan rassomlarning o'ldirilishi so'z erkinligi va dinni tahqirlash mavzusida bahslarni avj oldirdi. Bu G'arb va musulmon jamiyatlari o'rtasida masalaga yondashuvda tafovut borligini ko'rsatdi, deydi tahlilchilar.

Odatda, yahudiy janozalarida quloqqa chalinadigan marsiya Vashington sinagogasida Parij xurujlariga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirda ham o'qildi.

Fransiya elchisi Jerard Arodning aytishicha, jurnalist va yahudiylarning nishonga olinishi tasodif emas.

"Demokratiya, ma'rifat va plyuralizmga qarshi hujumlarda, odatda, jurnalistlar va yahudiylar qurbon bo'ladi", - dedi u.

Terror xuruji Yevropadagi antisemitizm yuzasidan Amerika yahudiylarining xavotirlarini oshirdi. So'z erkinligini tushunishda Amerika ham o'ziga xos qadriyatlarga ega.

Qotilliklar ortidan bu yerda ham so'z erkinligi mavzusida bahslar kuchaydi. Ayrim musulmonlar payg'ambarni mazax qiluvchi rasmlarga taqiq qo'yilishi tarafdori.

Tuhmatga qarshi liganing Vashington bo'limi rahbari Deyvid Fridmenga ko'ra, Fransiyada antisemitizmga qarshi qabul qilingan qonun so'z erkinligiga qo'yilgan to'siqdir.

"Qoida sifatida, fikrni erkin ifodalash jamiyatni boyitadigan narsa. U hatto tuban bir fikr bo'lsa ham", - deydi u.

Ammo musulmonlarni haqoratlash huquqining mavjudligi shu huquqdan foydalanish kerak, degani emas, deydi Fridmen.

"Odamlarning hissiyotlari juda nozik va tarang bo'lgan bir paytda yaraga tuz sepish yoki har ishga burun tiqish rahm-shafqatli va hamma bir-birini tushunadigan dunyo qurishimizga yordam bermaydi", - deydi u.

Musulmon jamoatchilik ishlari kengashi rahbari Horis Tarinning aytishicha, islomofobiyaga qarshi olib borilgan kampaniyalar natijasida amerikalik jurnalistlar Fransiyada chiqqan suratlarning tahqirlovchi ekanini tan oldi.

"Bizda gazetalarning bunaqa suratlarni chop etishini taqiqlovchi qonunlar bo'lmasa ham, avval guvoh bo'lganimizdek, Amerika gazetalari Yevropada chiqqan karikaturalarni chop etishni lozim topmadi", - deydi u.

Bunday qonunlardan foyda ham yo'q, deydi Tarin.

"Pokiston, Indoneziya, Misr kabi davlatlarda dinni tahqirlashga qarshi qonunlar bor, ammo ulardan, asosan, siyosiy maqsadlar yo'lida foydalaniladi. Ozchlik guruhlar, ko'pchilik bo'lmagan va kuch-qudratga ega bo'lmagan odamlarga nisbatan qo'llaniladi", - deydi Horis Tarin.

Xuruj qurbonlari xotirlanar ekan, ehtimoliy hujumlar qo'rquvi okeanortigacha yetib keldi. Chunki so'z erkinligi va e'tiqodni e'zozlash masalasi bu yerda ham dolzarb mavzu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG