AQSh "Boko Haram"ni rasman terror tashkiloti deya e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

"Boko Haram" jangarilari hujumiga uchragan askar baraklari, Damaturu, Nigeriya, 28-oktabr, 2013-yil.

"Boko Haram" jangarilari hujumiga uchragan askar baraklari, Damaturu, Nigeriya, 28-oktabr, 2013-yil.

AQSh “Boko Haram” va “Ansaru” jangari guruhlarini rasman terrorchi tashkilotlar deya e’lon qildi. Bu guruhlar Nigeriyada minglab odamning halok bo’lishiga sababchi sifatida ko’riladi.
2009-yildan beri shimoliy va markaziy Nigeriya bo’ylab “Boko Haram” guruhi uyushtirgan hujumlarda kamida 3000 odam halok bo’lgan.
Guruh mamlakat shimolida radikal islomiy qonun-qoidalar o’rnatilishini istab, hukumatga qarshi kurash olib boradi. Jangarilar shu maqsadda cherkov va masjidlarga hujum qilib, ham nasoro, ham musulmonlarni qirgani bilan taniqli.

2011-yil Nigeriya poytaxti Abujadagi BMT binosini vayron qilgan va 21 odam hayotiga zomin bo’lgan xudkushlik hujumi uchun ham mas’uliyatni “Boko Haram” o’z zimmasiga olgan.

Guruh “Al-Qoida” va “Islom mag’ribi” kabi terrorchi tashkilotlar bilan aloqador ekani aytiladi.

“Boko Haram va “Ansaru”ning AQSh tomonidan rasman terrorchi deya tamg’alanishi ularning AQSh moliyaviy tashkilotlari bilan aloqasini uzadi hamda banklarga ularga tegishli mol-mulkni muzlatish majburiyatini yuklaydi.

“Bunday chora AQSh huquq-tartibot idoralari va Moliya vazirligini zo’ravon guruhlarga qarshi kurashda qo’shimcha qurollar bilan ta’minlaydi”, - deydi AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Linda Tomas-Grinfild.

Sentabrda o’tgan BMT yig’inida AQSh prezidenti Barak Obama va Nigeriya prezidenti Gudlak Jonatan “Boko Haram” haqida maslahatlashgan edi.

Obama guruhga qarshi kurashda keng ko’lamli choralar ko’rilishi tarafdori.

“Zo’ravonlikka qo’l uruvchilarning maqsadlarini chippakka chiqarishning eng samarali yo’li bu hukumat tomonidan odamlarning talablarini qondirish va qonun ustuvorligi o’rnatilishini ta’minlashdir”, - deydi Obama.

Kongressda o’tgan tinglovda shimoliy nigeriyalik Habila Adamu “Boko Haram” jangarilari o’qiga qanday uchgani haqida gapirib berdi.

“Ulardan biri menga Kalashnikov avtomatidan o’q uzdi. Shundoqqina burnimni teshib o’tib ketdi. Yuzim bilan yerga quladim. Hamma joyga shovullab qon otildi”, - deydi u.

Jeymstaun jamg’armasi tahlilchisi Jeykob Zenga ko’ra, “Boko Haram”ning moliyaviy tomirlari uzilgani bilan, oldinda turgan muammolar hali ko’p.

“Boko Haram”ning hozirgi homiylarini aniqlash juda qiyin. Chunki uning aksariyat mablag’i ichki manbalardan, o’g’rilik va talon-tarojlardan keladi. 2009-yildan oldin, faqat da’vatchi salafiy guruh bo’lgan paytda homiylar kim ekanini bilish mumkin edi. Shuning uchun ko’rilayotgan bu choraing ta’sirini majoziy degan bo’lardim”, - deydi amerikalik tadqiqotchi.

AQShga ko’ra, Nigeriya nafaqat harbiy kuchga, balki “Boko Haram” ideologiyasi va ta’limotini to’xtatishga qaratilgan strategiyaga ham e’tibor berishi lozim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG