Bollivud Amerika ahlini ham o'ziga rom etgan

  • Amerika Ovozi

Amerikada ham Bollivud filmlarini maza qilib tomosha qilishadi. Hindistonning eng yirik kinokompaniyasi Qo’shma Shtatlarda 18 ta kinoteatr ochgan va chetdan daromadning 70 foizi aynan Shimoliy Amerikadan keladi.

AQSh kollej va universitetlari esa Bollivud kuy va raqsini shu qadar yaxshi ko’rib qolganki, maxsus musobaqalar o’tkazadi.

Kaliforniya Universitetining Berkli shahridagi kampusida har yili Bollivud tanlovi bo'lib o'tadi.

Bu galgi musobaqada Bollivud ruhida raqsga tushadigan sakkiz jamoa qatnashdi. G’oliblar naqd pul holida mukofot olib, aprel oyida Nyu-Yorkda rejalangan nufuzli tanlovda qatnashish huquqini qo’lga kiritadi.

Ishtirokchilar orasida Michigan Universitetining “Manzil” raqs dastasi ham bor – 20 kishi. Ular Kaliforniya tanlovidagi eng yosh komanda, boshqalar bilan qiyoslaganda tajribasi kamroq. Bellashamiz, deb 3700 kilometr yo’l bosib kelishdi.

Jamoa sardori Nil Bxatning ota-onasi dindor muhojir, hind udumlariga qattiq rioya qiladi. O’qishga kirganidan beri oilasini sog’inadi, hindcha hayot tarzini qo’msaydi.

“Ulg’ayganingda ham ota-onang bilan aloqani uzmay, urf-odatlaringni saqlab qolishga harakat qilasan. Biz, hindlar uchun Bollivud musiqa va raqsi katta ahamiyatga ega,” - deydi Bxat.

Jamoalarning hammasi kuchli, iste’dodli. Michigan Universiteti talabalari g’alaba qozonish uchun ancha ter to’kishi kerak. Qatnashchi komandalarning hammasi yutaman, deb kelgan. Ular malaka, tajriba jihatidan ustun ekanini unutmaslik kerak.

Berkli jamoasi 2011-yilgi poygada eng zo’ri deb topilgan edi.

Ularning sahnadagi chiqishi hammaga yoqdi. Endi Michigan raqqoslarining gali.

“Mamlakatdagi eng zo’r jamoalar bilan bellashyapmiz. Demak, odatda yaxshi bo’lsak, bu yerda eng sarasi bo’lishimiz kerak,” - deydi Bxat.

Endi esa navbat hakamlar hay’atiga:

“Bu damni hammamiz intiqib kutgan edik. G’olib – Kaliforniya Universiteti dastasi”.

Lekin Bxat ko'nglini cho'ktirmaydi:

“Muhimi tanlovda qatnashdik, ko’zga tushdik. Bellashish ham bir san’at, haqiqatan, maza qildik”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG