Neftga boy bir shahar hikoyasi

  • Amerika Ovozi

AQShda energetika eng tez rivojlanayotgan sohalardan. 2020-yilga borib qazib olinayotgan neft hajmi bo’yicha Qo’shma Shtatlar hozirgi lider Saudiya Arabistonidan ham o’zib ketishi mumkin.

Yangi texnologiyalar sharofati bilan tabiiy gaz ishlab chiqarish ham arzonlashgan. Biroq bunday o’sishni ta’minlash oson emas. Buni Amerikaning kichik bir shaharchasi misolida ko’rish mumkin.

Texas sharqidagi Kilgor shaharchasida neft nasoslarining shovqini doimo eshitilib turadi.

Bundan 80 yil avval bu shtatda neft zaxiralari aniqlanibdiki, bahaybat mashinalar ishdan to’xtagani yo’q. Bu davr mobaynida Kilgor ahli yaxshi kunlarni ham, tanazzulni ham boshdan kechirdi. Shaharning qoq markazida qora oltinning eng katta zaxirasi topilgan o’shanda.

Bu joylardan shunchalik ko’p neft qazib olinganki, “dunyoning eng boy gektari” nomini olgan, deydi mahalliy jurnalist Bill Vudall.

“Kilgor shahrining kovlanmagan joyi qolmagan. Mingdan ziyod burg’ilar o’rnatilgan edi. Ulardan boshqa hech narsa ko’rinmasdi. Binolarning devorini buzib bo’lsa ham quduqlar qazishgan, neft qidirishgan.

Neft daromadi bilan shaharda ulkan cherkovlar, yangi imoratlar qad ko’tardi. Shuningdek, kollej, kutubxona va kinoteatr.

Qiyinchiliklar ham yo’q emas. Neft nasoslari, tanker va quvurlar shu qadar ko’p yerni egallaydiki, Kilgorda yangi uy-joy qurish muammo. Iqtisodiy inqiroz davrida esa qurilish ayniqsa qiyin, deydi shahar meri R. E. Spradlin.

“Bizning shaharga kelgan beshta qurilish kompaniyasidan to’rttasi bankrot bo’ldi. Biri hatto ikki marta”.

Iqtisodiy vaziyat juda o’zgaruvchan bo’lgani sabab ba’zida yangi qurilgan uylar sotilmay qolib ketadi. Bunday sharoitda biror biznesni yuritish, rejalashtirish oson emas, deydi hokim.

“Shahar daromadi to ko’payib, to kamayadi. Ba’zida ish joylarini qisqartirishga majburmiz”.

Kilgor bosib o’tgan yo’l sharqiy Texas muzeyidagi rasmlarda ask etgan.

"Qayerda va qanday masofada burg’ilash to’g’risidagi xalqaro qonun-qoidalarga biz yo’l qo’ygan xatolar asos qilib olingan. Bizda har 7-8 metrda, hatto maktab va cherkovlarda nasoslar o’rnatilardi,” - deydi mer.

Bir paytlar neftga boy shaharcha uchun eng katta saboq?

Neft krani qanday ochilgan bo’lsa, bir kuni xuddi shunday yopiladi. Pulni ayab, ertani o’ylab ish qilish kerak. Inqiroz hech kimni ayamaydi.

Merning maslahati: sarfiyatni kesing, tejashga harakat qiling. Chunki iqtisod tez-tez o’zgarib turadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG