Johar Sarnayev ishini bostonliklar yaqindan kuzatmoqda

  • Amerika Ovozi

Sud binosi oldidagi namoyishchi. Plakatdagi yozuv: "O'lim jazosi - qotillik". Boston, 5-mart 2015-yil

Sud binosi oldidagi namoyishchi. Plakatdagi yozuv: "O'lim jazosi - qotillik". Boston, 5-mart 2015-yil

Bostonda Johar Sarnayev ustidan sud ishi boshlandi. 21 yoshli yigit marafon paytida bomba portlatganlikda ayblanmoqda. Xuruj natijasida uch kishi nobud bo’lgan, ko’plab odamlar jarohatlangan. Ayblari isbotlansa, Sarnayev o’lim jazosiga hukm etilishi mumkin.

Bundan ikki yil avval Boston shahridagi marafon chog’ida ikkita bomba portlab, uch kishi halok bo’lgan, 264 odam tan jarohati olgan edi. Bir necha soat o’tib huquq-tartibot organlari hujumlar ortida aka-uka Johar va Tamerlan Sarnayevlar turganini ma’lum qildi. Politsiya bilan to’qnashuvda Tamerlan o’ldirildi. Otishma paytida bir politsiya zobiti ham halok bo’lgan. 21 yoshli Johar hozir hibsda va uning ustidan sud jarayoni davom etmoqda.

Boston fuqarolari ishni yaqindan kuzatmoqda.

“Sudni kuzatish qiziq bo’ladi, ammo ruhiy jihatdan juda og’ir, ayniqsa, oila a’zolarini yo’qotganlar yoki jarohatlanganlar uchun. Bu haqda o’ylashning o’zi dahshatli”, - deydi mahalliy fuqarolardan biri Larri Eder.

Sud xolisligini ta’minlash uchun ayblanuvchining advokatlari hakamlar hay’atiga bo’lib o’tgan ishlarni yaqindan bilmagan odamlarni qidirdi. Ammo bu oson emas.

“Ish haqida eshitmagan odamni topishning iloji bo’lmasa kerak. Hakamlar isbot va dalillarni xolisona ko’rib chiqadimi? Ha, men shunday bo’lishiga ishonaman. Hakamlar hay’ati tizimi bizda samarli ishlaydi”, - deydi Eder.

Portlashlarni video orqali ko’rgan va bu haqda matbuotda o’qiganlar Sarnayevlarning aybdorligiga shubha qilmayapti.

“Albatta, u aybdor. Uning va akasining shaxsiga qarshi dalillar juda ko’p. Ularning Boston, AQShga keltirgan zarari - dahshat, aql bovar qilmaydi. Hakamlar hay’ati ham shubhalanmasligi kerak”, - deydi yana bir mahalliy fuqaro Jo Pareski.

Aksariyat bostonliklar Sarnayevni aybdor deb bilsa-da, unga o’lim jazosi berilishini ma’qullamayotganlar ham bor.

“Mudhish voqea sodir bo’ldi, sud uni aybdor deb topishi kerak. Butun umr qamoqda o’tirsin, qilmishlaridan pushaymon bo’lsin, insofi bo’lsa agar”, - deydi Tereza ismli ayol.

Ayrimlar esa Sarnayevning yoshini inobatga olib, uning to’g’ri yo’lga qaytishi mumkinligidan umidvor.

“U o’lim jazosini kutyapti, ammo bu to’g’ri hukm bo’lmaydi. Menimcha, u umrining oxirigacha qilmishlari haqida o’ylashi kerak. Balki yaxshiroq odam qanday bo’lishini tushunib yetar”, - deydi Gven Gurnak ismli fuqaro.

Sarnayevning advokatlari sudda xurujlarni Tamerlan rejalagani va uyushtirganini, ukasi esa unga itoat etishga majbur bo’lganini isbotlashga urinadi.

Mahkama iyungacha davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG