Qo'shma Shtatlarda sekvestr kuchga kirdi

  • Amerika Ovozi

AQShda 85 milliard dollarga teng harbiy va ijtimoiy dasturlar kesilishini bartaraf etishga qaratilgan muzokaralar natijasiz yakunlandi. Prezident Barak Obama bunda muxolifatni, Respublikachilar partiyasini ayblamoqda.

Murosadan darak yo'q ekan, sekvestr nomini olgan moliyaviy qisqartirishlar 2-martdan kuchga kirdi. Obama unga imzo chekdi. Oqibatda kelasi yetti oy davomida o'n minglab federal xizmatchilar, jumladan Mudofaa vazirligi va huquq-tartibot xodimlari vaqtincha ishdan olinadi.

Bu degani sekvestr ta'siri darhol emas, vaqt o'tgan sari bilina boshlaydi. Oq uy va Kongress kelishibgina bu jarayonni to'xtatishi mumkin.

So'nggi daqiqada Oq uyda prezident bilan uchrashgan yetakchi qonunchilar g'azabini yashirmadi.

"Amerikaliklar biladiki, hukumat yo'q pulni sarflashga o'rganib qolgan. Prezident yangi yilda soliqlarni oshirishga erishdi, endi navbat sarfiyatga", - deydi Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner.

Masalaga muvozanat bilan yondashish kerakligini ta'kidlayotgan prezident Obama va demokratlar nazarida esa xarajatni kamaytirish bilan bir paytda daromad haqida ham o'ylash kerak.

Boylar ko'proq soliq to'lasin, xususan neft kompaniyalari va korporatsiyalarni siylaydigan soliq chegirmalari bekor qilinsin, deydi ular. Lekin respublikachilar soliqlar haqida gapirishni ham istamaydi.

Ikki hukmron partiya byudjet kamomadini qanday kamaytirish bo'yicha bir necha yildan beri tortishadi.

Kongressning byudjet idorasi hisobiga ko'ra, qisqartirishlar natijasida joriy yilda 750 ming kishi ishidan ayriladi. Pentagon byudjeti 13 foizga, fazoni tadqiq etishdan tortib ta'lim va huquq-tartibotga oid boshqa dasturlar esa 9 foizga kamayishi kutilmoqda.

Ayni paytda AQSh qarzi 16 trillion dollardan oshgan. Davlat bir necha yildan beri byudjetsiz kun kechirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG