Davlat byudjetining qisqarishi respublikachilar uchun yutuq

  • Amerika Ovozi

Jon Beyner, respublikachilar sardori, Vakillar Palatasi spikeri

Jon Beyner, respublikachilar sardori, Vakillar Palatasi spikeri

Vashingtonda respublikachi va demokratlar federal byudjet yuzasidan kelisha olmagach, 1-martdan boshlab davlat xarajatlari avtomatik ravishda qisqardi. Kelasi oylarda hukumat sarfi 85 milliard dollarga kamayadi. Ayrim respublikachilar bu qarorni byudjet ustida anchadan beri davom etayotgan urushdagi g’alaba sifatida ko’rmoqda.

Konservativ qarashdagi qonunchilar hukumat sarfiyatini kamaytirisihning eng maqbul yo’li byudjetni qisqartirish, deydi. Ulardan biri
Kongressning respublikachi a’zosi Marsha Blekbern.

“To’siq qo’ymasak bo’lmadi. Biz bu qadamning salbiy oqibatlari naqadar og’ir bo’lishini yaxshi tushunamiz. Lekin mavjud muammo yechimi xarajatlarni kamaytirishda edi. Boshqa yo’l yo’q”, - deydi u.

Blekbernga ko’ra, federal byudjet atrofidagi tortishuvlar markaziy hukumatning amerikaliklar hayotiga aralashuvini kamaytirishga qaratilgan.

“Hamkasblarim va amerikaliklarning aksariyati federal hukumatning juda katta, lekin samarasiz ishlashini, ta’siri va nazorati esa kuchayib borayotganini anglab yetdi. Bu meni quvontiradi, albatta”, - deydi Kongress a'zosi.

Prezident Barak Obama va Kongressning demokrat a’zolari fikricha, respublikachilarning murosaga bormagani iqtisodga salbiy ta’sir qiladi.

“Ular shovqin ko’tardi. Saylovchilarga yoqadigan quruq gaplarni gapirdi. Lekin yaxshi qonunlar qabul qilishga kelganda, ular to’g’ri qaror qabul qila olmadi,” – deydi Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi.

Byudjetga oid qaror amerikaliklar hayotiga salbiy ta’sir qilsa, odamlar respublikachilarni aybdor deb hisoblaydi. Ko’plab so’rovlar natijasi shuni ko’rsatmoqda. Ammo aksariyat respublikachilar oddiy odamlarning emas, balki konservativ qarashdagi safdoshlari fikriga ergashdi, deydi Amerika Tadbirkorlik instituti tahlilchisi Norm Orsnteyn.

“Vakillar palatasi a’zosi bo’lsangiz, qarorning salbiy oqibatlari jiddiy bo’lishidan biroz tashvishlanayotgan bo’lishingiz mumkin. Ammo aksariyat qonunchilar jamoatchilik fikridan emas, balki o’z partiyadoshlari munosabati qanday bo’lishidan xavotirda”, - deydi Ornsteyn.

Ammo respublikachilarni o’rganuvchi tahlilchi Skot Folkner har ikki tarafni ham aybdor deb hisoblaydi.

“Hamma o’z fikrining to’g’riligiga shu qadar ishonadiki, boshqa qarashlarni ko’rib chiqish va xalq uchun foydali qaror qabul qilish haqida hatto o’ylab ko’rmaydi”, - deydi u.

Juma kuni Kongressning respublikachi a’zolari bilan uchrashgan prezident Obama xarajatlar qisqarishini “ahmoqona” deb ta’rifladi.

Kelasi haftalarda odamlar respublikachilarga bosimni kuchaytirishiga umid qilaman, dedi prezident.

“Amerika xalqi muayyan bir masala yuzasidan jiddiy norozilik bildirib, o’zgarish talab qilsa, Kongress ularni javobsiz qoldirmasligiga ishonaman”, - deydi Obama.

Byudjetni qisqartirish yo’lida ko’rilgan choralarni amerikaliklar qanday qarshilashi hukumat uchun katta ahamiyatga ega. Agar norozilik kuchli bo’lsa, respublikachilar biroz bo’lsa-da chekinishi mumkin. Demokratlar aynan shunga umid qilmoqda. Ammo xalq orasida jiddiy norozilik kuzatilmasa, respublikachilar joriy yil byudjeti qabul qilinayotganda ham amaldagi qisqartirishlarni saqlab qolishga urinadi. Bu esa ko’plab hukumat dasturlarining yopilishini anglatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG