Milliarder Uorren Baffet singlisi ruhan kasallarni uy bilan ta'minlamoqda

  • Amerika Ovozi

Xayriya-ehsonlari bilan tanilgan milliarder Uorren Baffetni 20-asrning eng muvaffaqiyatli investorlaridan deyishadi. Yaqinda uning singlisi Doris Baffet ruhiy kasallikka chalingan uysiz odamlar uchun bir million dollar yordam ajratdi.

“Akamning idroki va omadi sababli hammamizga omad kulib boqqan. Qalbimdagi barcha istaklarimni ro’yobga chiqara olishimdan juda baxtiyorman. O’lishimdan oldin bor pulimni xayriya qilaman”.

Tanishing - bu mashhur sarmoyachining opasi Doris Baffet. Virjiniyaning Frederiksburg shahrida yashaydi. Beva-bechoralarga hozirgacha 100 million dollar hadya qilgan. Navbatdagi tuhfasi – bir million dollar “Micah Ministries” nomli nodavlat tashkilotiga tegdi. Ruhiy kasallikka chalingan odamlarni uy bilan ta’minlaydi.

Viki Shevret ukasi Jerri Grimsli bilan yana 20 oila qatorida mazkur dastur doirasida yangi uylik bo’ldi. Yanvarning sovuq kunlarida palatka va anjomlarini yig’ib, haqiqiy uyga ko’chib kirganini yaxshi eslaydi ular.

“Ishonish qiyin edi. Ajoyib. Issiq. Mustahkam, puxta yasalgan,” - deydi yangi uyi haqida Viki Shevret.

Akasi unga jo'r bo'ladi: “Issiqqina. Qor va yomg’irdan endi qo’rqmasak ham bo’ladi. Palatkamiz o’rnatilgan joylarni suv bosardi, hatto nasos sotib olishga to’g’ri kelgan”.

Tashkilot rahbari Megan Kotter “Baffet uylari” nomini olgan yettita xonadonni xarid qildi. Bu uyda yashaydigan odam oyiga har bir xona uchun 300 dollar ijara to’lashi kerak yoki puli yetmasa ko’ngilli bo’lib xizmat qilsa ham bo’ladi, deydi u.

“Biz nafaqat odamlarni uy bilan ta’minlaymiz, balki tongda turib, uydan chiqishga, jamoaga qo’shilishga undaymiz. Ularning aksariyati uchun bu katta ahamiyatga ega,” - deydi Kotter.

Viki Shevret nogironligi uchun hukumatdan nafaqa puli oladi va shuning bir qismini ijaraga to’laydi. Yangi uyga ko’chib kirganidan keyin hayoti tubdan o’zgardi, ruhan tiklandi, salomatligi yaxshilandi. Chunki qayerda dushga tushaman deb tashvishlanish o’rniga xotirjam o’z uyida tunaydi, dorilarini vaqtida ichib turadi. Eng yaxshi ko’rgan joyi – jihozlangan oshxona.

“Mehmonlarim hammasi oshxonaga havas qiladi,” - deydi u.

Jerri Grimsli nogironligi sabab uy ishlarini qilishga qiynalsa-da, hovlini sug’orib, o’tlarni o’rib, gullar ekib turadi.

“Bu yerda yashash biz uchun faxr. Uyimizni asrab-avaylaymiz, qaraymiz. Doris Baffet ham biz undan naqadar minnatdorligimizni bilsin,” - deydi Grimsli.

Baffet xonimning yordami bilan shaharda so’nggi besh yilda uysizlar soni 58 foizga kamaydi. Filantrop ayolning o’zi loyihadan juda mamnun. Uni kengaytirish uchun kelajakda yana ko’proq mablag’ ajratishni maqsad qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG