G'ildirakli oshxonalar - yangi, serdaromad biznes

  • Amerika Ovozi

So’nggi yillarda AQShning katta shaharlarida g’ildirakdagi restoranlar ko’paydi. Yuk tashuvchi mashinani oshxonaga aylantirib, unda ovqat pishirib sotish mijozlarga ham ma’qul. Shunday ekan, kichik biznes rivojlanmoqda. Hozirgi iqtisodiy vaziyatda ayni muddao.


“Mana bu yerdan kirib, ovqatni tayyorlab, derazadan uni mijozga uzatasiz. 3-4 daqiqa ichida”.

Oshpaz ishini bajarishi uchun bundan ko’proq vaqt talab qilinmasligi kerak, deydi Li Kembell.

“Mashinalarimizni aynan ularga moslab quramiz”, - deya tushuntiradi u.

Li Kembell - “East Coast Custom Coaches” nomli kompaniya rahbari. Qo’lida 15 usta ishlaydi. So’nggi yillarda qariyb 200 ta g’ildirakdagi oshxonalarni ishlab chiqardi.

Gori Sarin poytaxt Vashingtonda Osiyo taomlarini pishirib sotadi. Mobil mashinasini Kembell yasab bergan.

“Juda puxta qurilgan. Hamma jihoz joy-joyida, bir-biriga halaqit bermaydi. Juda qulay”, - deydi u.

Avto-oshxona unda qanday taomlar tayyorlanishiga qarab loyihalashtiriladi. Eng qiyini – bir qarich joydan ham samarali foydalanish.

“Bir, ikki, uch… Qarang, yettita jihozni sig’dirganmiz bu yerga. Bir santimetr joy ham bo’sh qolmaydi. Qo’limda eng zo’r muhandislar ishlaydi”, - deydi Li Kembell.

Muhandis Tom Meyxyu Kembell bilan ko’p yildan beri tanish. Ikkovlon o’t o’chiruvchi bo’lib xizmat qilishgan.

“O’t o’chirish xizmatida 26 yil ishlaganman. Xavfsizlik men uchun birinchi o’rinda. Chizmalarni o'rganganimda, shunga diqqat qarataman. Xavfsiz bo’lsagina oshxonani mijoz xohlaganidek qurib beramiz”, - deydi injener.

G’ildirakli oziq-ovqat do’konlari hukumat talablariga, muayyan standartlarga ham javob berishi kerak.

Ushbu sanoat uyushmasi vakili Jeff Kellining aytishicha, birinchi marta biznes boshlayotgan odam uchun qonun-qoidalarni tushunish oson emas. “Bu ustalar esa talablarni yaxshi biladi, qoidalarni tushunadi. Sifatli mashinalar ishlab chiqaradi”, - deydi u.

Shu sababdan mana bu yangi tadbirkorlar Kembellning kompaniyasiga murojaat qildi.

“Mazali gamburgerlar sotmoqchimiz”, - deydi Karmen Mors.

“Har ikkalamiz yoshligimizdan restoranlarda ishlaganmiz. Endi esa bu sohada o’z biznesimizni ochish niyatidamiz”, - deydi tadbirkor.

Mobil oshxonalarni qurish uchun pochta xizmatining eski yuk tashuvchi mashinalari ishlatiladi. Ikki-uch oy vaqt hamda o’rtacha 45 ming dollar xarajati bor. Bir joyda oddiy restoran ochmoqchi bo’lsangiz, albatta, juda katta kapital kerak.

“Hozir 31 mashinaga buyurtmamiz bor. Oyiga 4-5 tasini bitkazamiz”, - deydi Li Kembell.

G’ildirakli oshxonalar odamlarga ma’qul ekan, uning ustaxonasida kelasi yillarda ish kamaymaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG