Breaking News

Birmadagi o'zgarishlar AQSh kompaniyalari qiziqishini uyg'otmoqda


O’tgan oy AQSh rahbari Barak Obamaning Birmaga tashrifi va iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinishi ketidan, ikki mamlakat savdo-sotiqni oshirish payida. Amerika kompaniyalari Birmadagi jadal o’zgarishlarni yaqindan kuzatib, sarmoya kiritish masalasida ehtiyotkorona harakat qilmoqda.

Birmadagi biznes imkoniyatlar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00
Yuklab oling

Prezident Obamaning Birmaga tashrifi arafasida AQSh importga qo’yilgan cheklovlarni bekor qildi.

“Endi Amerika kompaniyalari Birmada bemalol ishlashi mumkin. Sizning hukumatingiz esa xorijiy sarmoyadorlarga eshiklarni ochdi, jiddiy iqtisodiy islohotlarni boshlab yubordi, - dedi Barak Obama birmaliklarga murojaatida.

Chegaradan ko’proq moliya va mahsulot o’tar ekan, aholi turmushi yaxshilanishiga umid qilamiz, deydi AQSh rahbari.

Birmada yuqori sifatli qimmatbaho toshlar, xususan yashma va yoqutlar qazib olinadi. Ularni Qo’shma Shtatlarga eksport qilish hamon taqiqlangan.
Birmaning sobiq harbiy hukumati a’zolari qimmatbaho toshlar savdosidan foyda ko’radi. Bu sanoatda bolalarni majburan ishlatish keng tarqalgan.

Ammo kon egasi An Kay Zinning aytishicha, majburiy mehnat o’tmishda qolib ketdi va AQSh joriy etgan sanksiyalardan unga o’xshagan xususiy tadbirkorlar ziyon ko’rayapti.

“Yashmani asosan Xitoyga sotamiz, Amerika bozori biz uchun yopiq. Hozirgi sanksiyalardan hecham foyda yo’q. Qimmatbaho toshlar savdosining 95 foizi, ya’ni 2-3 milliard dollari yashmaga to’g’ri keladi. Yoqut va ko’k yoqut kabi toshlar ulushi esa 5 foizdan ham kam. Shu bois sanksiyalardan faqat rangli toshlar bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlar ziyon ko’rsayapti”, - deydi An Kay Zin.

Sohada majburiy mehnat qo’llanilishi haqidagi ma’lumotlarga qaramay, Birmada biznes yuritishga shay Amerika kompaniyalari kam emas.

Biznesmen To Tin Birmada “Apple” mahsulotini sotish uchun ikki do’kon ochish niyatida. Amerika mahsuloti birmaliklarga yaxshi tanish.

“Asosiy masala - qancha mahsulot import qila olishimizda. Do’kon rastalariga qo’yishimiz bilan mahsulot sotiladi”, - deydi u.

Yirik kompaniyalar ham Birmaga qiziqish bildirgan, lekin katta miqdorda sarmoya olib kirishga shoshilmayapti.

“Sanksiyalarni bekor qilish bilan ish bitmaydi. Pul o’tkazish, erkin konvertatsiya, ya’ni dollarni mahalliy valyutaga almashtirish imkoni bo’lmasa, Birmaga xorijiy sarmoyalar tez kirib kelmaydi,”- deydi moliyaviy ekspert Tura Ko Ko.

Barak Obamaning Birmaga tashrifi AQSh kompaniyalari e’tiborini bu davlatga qaratdi. Yillar davomida asosan Xitoy va Tailand bilan savdo qilib kelgan Birma ham AQSh bilan hamkorlik qilishga shay.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG