Breaking News

Kaliforniya kuchli qurg'oqchilik iskanjasida


Kaliforniyada mana uch yildirki kuchli qurg’oqchilik hukm surmoqda. Fermerlar qiyin ahvolda. Shahar aholisi ham oldingi qulayliklardan mahrum. Mutaxassislar, iste’molchilar va dehqonlar suvni boshqarish sohasi jiddiy islohotga muhtoj, degan fikrda.

Los-Anjeles shahrining Pol Getti muzeyidagi favvoralar o’chirilgan. Suv tejalmoqda.

Kaliforniyaliklarga hovliga suv sepish ham man etildi. Qoidani buzganlar jarimaga tortiladi.

Los-Anjeles aholisi orasida xavotirlar kuchli. Talaba Cheri Shankar ulardan biri.

"100 yillardan beri qilib kelingan narsalarni o’zgartirishga majbur bo’ldik. Iqlim o’zgargani uchun. Misli ko’rilmagan qurg’oqchilikni boshdan kechiryapmiz,” – deydi u.

Mana uch yildirki, suv omborxonalaridagi suvning sathi rekord darajada pastlagan. Bahorda qor eriganida odatda suv ko’payardi. Hozir esa odatdagi miqdorning 20 foizi bor, xolos.

Kaliforniya dehqon bozorlarida narxlar oshdi. Markaziy vodiyning serhosil yerlariga ekin ekilmadi. Fermer Den Errotabere pista, bodom, sarimsoq va sharob uzumi yetishtiradi. Shtat suv ajratmay qo’ygani uchun quduq suvlaridan foydalanyapmiz, deydi u.

“Yerning 30 foiziga ekin eksam, ziyon ko’raman. Kamida 50 foiz yerimdan hosil olishim kerak”, - deydi dehqon.

Qurg’oqchilik oqibatlari juda og’ir.

Sug’orish uchun suvning kamayishiga Sakramento daryosi boshida qo’riqxona qurilgani sabab bo’ldi, deydi fermerlar.

Kaliforniya suv zaxiralari instituti tahlilchisi Dag Parkerga ko’ra, shtatning suv taqsimlash tizimi ehtiyojlarga javob bermayapti. Kaliforniya iqlimi o’zgaryapti, demak suv ta’minotida beqarorlik kuchayaveradi, deydi u.

“Iqlim o’zgarishiga oid ma’lumotlarga qaraganda, bundan buyon qurg’oqchilik tez-tez kuzatiladi. Suv toshqinlari ham ko’payadi. Demak, shunday tizim yaratishimiz kerakki, suv kamayishi yoki ko’payib ketishiga moslashgan bo’lsin”, - deydi tadqiqotchi.

Ayrim hududlarda favqulodda vaziyatlar uchun saqlab qo’yilgan suv ishlatilmoqda. 4-noyabrdagi saylovlarda yangi suv inshootlari qurish uchun yetti milliard dollarlik obligatsiya chiqarish masalasi ham ko’tariladi. Ammo bu loyiha juda qimmat, muammo esa u bilan hal bo’lmaydi, deydi tanqidchilar.

Janubiy Kaliforniya Suv boshqarmasi rasmiysi Jeffri Kaytlinger loyihani ma’qullash bilan birga aholini suvni tejashga chaqiradi.

“Uzoqni ko’zlagan holda suvlarni tozalash, ishlatilganini qayta filtrlardan o’tkazib, yana ishlatish kerak. Bu choralar Janubiy Kaliforniyada barqarorlik garovidir”, - deydi u

Boshqalar esa suvga ehtiyoj oshar ekan, suv tizimini boshdan oyoq isloh qilmasa bo’lmaydi, degan fikrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG