Kaliforniyaliklar suv tejashga majbur

  • Amerika Ovozi

Suv taqchilligi dunyo bo’ylab jiddiy muammo. AQSh ham mana bir necha yildirki, bu muammoga yuz tutmoqda. Ayrim shtatlarda qor va yomg’ir ko’p yog’ayotgan bo’lsa, boshqa hududlar qurg’oqchilik iskanjasida. Kaliforniyada ikki yildan beri qattiq qurg’oqchilik hukm suradi. Shtat gubernatori suvni tejash haqida ko’rsatma berdi. Olimlar esa kam suv talab qiladigan yangi ekinlar va zamonaviy texnologiyalar ustida bosh qotirmoqda.

Bu yili AQShning markaziy shtatlari hamda sharqiy sohilida qor ko’p yog’di. Ammo Kaliforniya yaqin tarixdagi eng quruq davrni boshdan kechirmoqa.

“Quruq o’t ustida turibmiz. Vaholanki, hozir bu yerda bir yarim metr qor bo’lishi kerak, chunki doim shunday bo’lar edi. Tarixdagi eng kuchli qurg’oqchilikni boshdan kechiryapmiz. Bunga qarshi favqulodda chora ko’rish kerak. Shu sababdan, shtat bo’ylab suv iste’molini keskin kamaytirishni buyuraman,” - deya e’lon qildi shtat gubernatori Jerri Braun.

Gubernator farmoniga ko’ra, suv iste’moli Kaliforniya bo’ylab 25 foizga kamaytiriladi. Bu 38 million odamga ta’sir qiladi. Yangi choralar oqibatida kelasi to’qqiz oyda yuz minglab litr suv tejaladi.

Suvni taqsimlash AQSh uchun misli ko’rilmagan amaliyot. Ayrim kaliforniyaliklar bunga qarshi. Suv tejashni har bir odam o’zi hal qilsin, deydi ular. Biroq oldingi choralar vaziyatni yaxshilay olmagan. Gubernator shtat aholisi o’zgarishlarga moslashishi kerakligini aytadi.

“Har kuni ko’m-ko’k chimni sug’orish amaliyoti o’tmishda qolishi kerak. Albatta, o’zgarish bir zumda yuz bermaydi. Lekin o’tish jarayoni boshlandi”, - deydi u.

O’tish davri Kaliforniyaning jazirama issiq hududlarida boshlanib bo’lgan. Chimni sug’orish o’rniga odamlar qurigan o’tni yashil rangga bo’yamoqda.

“Qurg’oqchilik davrida sug’orishga hojat qolmaydi. Chunki hammamiz suvni tejashimiz kerak. Bu yaxshi fikr”, - deydi kaliforniyalik Marta Gomez.

“Lucky Lawn” kompaniyasi qurigan o’tga bo’yoq purkash bilan shug’ullanadi. Bo’yoqlarimiz o’t uchun foydali, chunki quyosh nuridan saqlaydi, quritib yubormaydi, deydi kompaniya vakili.

“100 foiz zararsiz. Quriganidan keyin bolalar, hayvonlar, butun oila o’t ustida o’tirib, dam olishi mumkin”, - deydi kompaniya asoschisi Dru Maklellan.

Qurg’oqchilikdan ayniqsa fermerlar aziyat chekmoqda. Bir guruh matematiklar ularga yordam berish niyatida.

“Maqsad – iloji boricha kamroq suv ishlatib, ko’proq foyda olish va ayni vaqtda bozordagi vaziyatni inobatga olish. Shunday emasmi? Biz matematiklar muammoga boshqacha yondashing demoqchimiz. Qanday ekinlar ekish mumkin? Almashlab ekish strategiyasi qanday?” – deya so’raydi olima Ketlin Fauler.

Gubernator Braunning aytishicha, Kaliforniyaga odamlar yaxshiroq hayot ilinjida kelgan. Bu esa tejamkorlik, hamkorlik va innovatsiya talab qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG