Kanada bosh vaziri AQShda, e'tibor immigratsiyada

  • Amerika Ovozi

Kanadaning yosh va shijoatli Bosh vaziri Jastin Tryudo davlat tashrifi bilan Vashingtonga keldi. U Prezident Barak Obama bilan ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni kuchaytirish masalasida gaplashgan. Tryudo va Obama qarashlarida umumiy jihatlar ko'p, ammo farqli masalalar ham yo'q emas. Masalan, Suriya qochoqlarini qabul qilish mavzusida.

Kanada Bosh vaziri Justin Tryudo AQShga kelishi bilan suriyalik qochoqlar mavzusi yana jamoatchilik e'tiboriga tushdi.

Bu borada Kanadaning yangi hukumati Vashingtondan farqli siyosat olib bormoqda. Bosh vazir Tryudo 25 ming qochoqni qabul qilishga tayyor.

Chunki bizning kimligimizni shu belgilaydi, deydi Tryudo. Muhojir huquqlari faoli Ketlin Forrel buni shunday tushuntiradi:

"Tryudo dunyo bo'ylab yordamga muhtoj odamlarni qabul qilish bo'yicha azaldan mavjud qadriyatlarga ergashyapti. Kanadaliklar muhojirlarni har doim qabul qilib kelgan. Shu ma'noda u xalqning xohish-irodasini ham ifodalayapti", - deydi u.

Prezident Obama bu yil Suriyadan 10 ming qochoq qabul qilishni taklif qildi. Ammo bunga siyosiy qarshilik kuchli.

San-Bernardino va Parij xurujlari ortidan xavfsizlik bo'yicha xavotirlar oshgan. Prezidentlik uchun nomzodlar shu haqda tez-tez gapirib turadi.

Masalan, Donald Tramp va Ted Kruz suriyalik muhojirlarning qabul qilinishiga qarshi.

"AQSh Senatida o'n minglab suriyalik musulmon qochoqlarni olib kelish bo'yicha Prezident Obama va Hillari Klinton rejasiga qarshi kurashyapman. Nega? Chunki hukumatning o'zi bu qochoqlarni tekshirishning imkoni yo'qligini aytmoqda", - deydi Kruz.

Ammo Lavinia Lemoun kabi faollar bu fikrga qo'shilmaydi.

"AQShga qabul qilinadiganlar orasida eng ko'p tekshiriladigan odamlar qochoqlar", - deydi u.

Ketlin Ferrolga ko'ra, Kanadada ham muhojirlarga qarshi kayfiyat mavjud, ammo Turkiyada uch yashar go'dak jasadining qirg'oqqa suzib chiqishi mamlakatni larzaga soldi. Bolaning oilasi Kanadadagi qarindoshlari oldiga ketayotgan edi.

"Bu Kanada xalqiga qattiq ta'sir qildi. Ular yordam berolmaganlaridan afsuslanishdi", - deydi Ferrol.

Bosh vazir Tryudo va Prezident Obama uchrashuvida savdo va iqlim o'zgarishi asosiy muhokama mavzusi bo'ldi. Ammo qochoqlar masalasi ham ko'tarilgan bo'lishi mumkin. Chunki Obama Kanadaning suriyalik qochoqlarni qabul qilish siyosatini olqishlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG