Iqtisodiy birdamlik - zamon talabi, deydi Amerika diplomati

  • Amerika Ovozi

Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorligi (CAREC) loyihasi/Central Asia Regional Economic Cooperation

Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorligi (CAREC) loyihasi/Central Asia Regional Economic Cooperation

Qozog'iston poytaxti Ostonada Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorligi (CAREC) loyihasi doirasida o'tgan anjumanda so'zlagan AQSh rasmiysi Fotima Sumar birdamlik zamon talabi deya eslatdi.

Loyihaning maqsadi transport va savdo tizimini rivojlantirish va CARECni shu paytgacha asosan Osiyo taraqqiyot banki moliyalab keladi.

Qo'shma Shtatlar CARECni boshidan quvvatlagan va quvvatlashda davom etadi, deydi Fotima Sumar.

Sumar xonim Davlat departamentida mintaqa bo'yicha yangi diplomatlardan. Regional masalalar bo'yicha mas'ul.

Vashingtonning umidi shuki, CAREC singari loyihalar Yangi Ipak Yo'li vujudga kelishida hissa qo'shadi.

"Bugun mintaqaning iqtisodiy integratsiyasi uchun har qachongidan ham ko'proq ter to'kishimiz kerak. Afg'onistonda o'tish davri ekan, qo'shni mamlakatlar kelajakdan xavotirlanishi tabiiy. Afg'oniston bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish o'rniga ular bu davlatdan uzoqlashishga harakat qilishi mumkin. Bunday yo'ldan borish hammaga zarar keltiradi; biznes orqaga ketadi, ish o'rinlari yarata olmaysiz va rishtalar ziyon ko'radi",- deydi Amerika rasmiysi mintaqa mulozimlarga qarata.

"Janubi-sharqiy Osiyoga bir qarang. O'tgan 10 yil ichida ASEAN (Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi) say-harakatlari bilan mintaqaning tashqi dunyo bilan savdo ko'lami 227 foizga oshdi. 2,5 trillion dollar. Mintaqadagi o'zaro tijorat esa 255 foizga o'sdi. CAREC a'zolari esa bir mahsulotni bir-biriga uzatishi uchun 65-90 kun kerak. Hindistondan tovar eksport qilish atigi 15 kun talab qiladi",- deydi diplomat.

AQSh Afg'onistonda elektr tarmoqlarini yaxshilash, gidro-inshootlar qurish va energetika sohasini oyoqqa turg'azish uchun 2 milliarddan oshiq pul sarflagan.

3000 kilometr yo'l qurildi, chegara va boj tizimi yangidan barpo etildi, temir yo'l sistemasi vujudga keldi, deydi Sumar xonim.

Yana bir ijobiy o'zgarish shuki, deydi u, Afg'oniston bugun shimol va janubdagi qo'shnilari bilan ko'proq savdo qiladi.

Tojikiston bu yili Jahon savdo tashkilotiga kirdi. Qirg'iziston allaqachon a'zo. Qozog'iston bu yo'lda harakat qilmoqda. Vashington ularni quvvatlaydi, deydi Fotima Sumar.

Oldinda hali barcha davlatlarni katta ishlar kutmoqda, shu jumladan Amerikani ham, deydi u. Obama ma'muriyati Yangi Ipak Yo'li tashabbusini olg'a surmoqda lekin biladiki, bu juda qiyin jarayon va uning amaliyoti avvalo mintaqa ahlining say-harakati va irodasiga bog'liq, deydi rasmiy.

CAREC 1997-yilda tashkil topgan. Afg'oniston, O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Ozarbayjon, Xitoy, Mongoliya va Pokiston kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG