Pxenyan AQSh-Yaponiya-Janubiy Koreya harbiy mashqidan bezovta

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya joriy oyda AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya o’tkazgan qo’shma harbiy mashqlarni qoralab chiqdi. Pxenyan avvaldan bunday tadbirlarni tanqid qiladi, ammo bu gal g’ulg’ula kuchaygan. Chunki mashqlar AQSh mintaqada harbiy salohiyatini oshirmoqchi bo’lib turgan bir pallada o’tmoqda. “Amerika Ovozi” Janubiy Koreya sohillari yonida, AQShga qarashli avianosetsda bo’ldi.

AQShning bu kemasidan qiruvchi samolyotlar ko’kka uchib-qo’nayapti. Jahondagi eng mahobatli avianosetslaridan biri. Yaponiya va Janubiy Koreya kemalari ishtirokida o’tgan bu galgi harbiy mashqlarda qutqaruv va yordam texnikasi sinaldi. Shimoliy Koreya nazarida bu aslida urush oldidan tayyorgarlik.

Admiral Mark Montgomeri bunday da’volarga shunday javob qiladi:

“Biz harbiy mashqlar tezligi, mohiyati yoki ko’lamiga biror o’zgarish kiritmadik. Mashg'ulotlar avvalgiday o’tayapti. Shimoliy Koreyaning ehtimoliy jangovar javobi haqida esa hukumatdan izoh so’rang”, - deydi Montgomeri.

Admiral Montgomeri bu mashqlar harbiy tayyorgarlikni tekshirish uchun zarur, deydi.

“Avianosets va boshqa kemalar har xil maqsadlarga xizmat qiladi. Mashqlar davomida turli ko’nikmalar sinaladi - havo mudofaasi, raketa mudofaa tizimi, suvosti kemasiga qarshi qurol-aslaha, quruqlikdagi dushmanga qarshi qurollar va boshqalar. Mana shu yo’nalishlarda har qanday hamlani qaytarishga tayyormiz”, - deydi admiral.

Amaliyot paytida uch davlat harbiylari o’rtasida axborot almashish ham silliqlashadi, deydi kapitan Greg Fenton.

“Bu safar gumanitar yordamni yetkazish va qutqaruv ishlariga diqqat qaratdik. Nazarimda tadbir muvaffaqiyatli. Uch davlat axborot almashar ekan, o’rtada allaqanday farqlar, anglashilmovchilik bo’lishi tabiiy. Lekin qo’shma treninglar qayta-qayta o’tkazilgani sari tomonlar bir-birini tushunishi ham yengillashadi”, - deydi kapitan.

"Jorj Vashington" avianosetsi taxminan 80 samolyot va 6 ming ekipaj a’zosini sig’dira oladi. Shuncha o’t-olov chegarasi yaqinida ekani Shimoliy Koreyaning qonini qaynatmoqda, deydi tahlilchi Shin In Kyun.

“Shimoliy Koreya g’azabini yashirib o’tirmadi. Sarhadlari yaqinida AQSh harbiy kemasi yuradi-yu, biror narsa demaslik, ogohlantirish bermaslik qanaqasi?” – deydi mutaxassis.

AQSh Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga e’tiborni oshirar ekan, hududga ko’proq harbiy kemalarini jo’natishi mumkin. Bundan Xitoy asabiy. Kommunistik davlat o’zi regionda jangovar salohiyatini charxlab, orada qo’shnilari bilan Janubiy Xitoy dengizini talashmoqda. O’tgan yili Pekin birinchi avianosetsini ishga tushirdi. Xitoyning ehtimoliy agressiyasi haqida admiral Montgomeri shunday fikr bildiradi:

“AQSh va Xitoy harbiy-dengiz flotlari ko’p masalalarda yaqin hamkorlik qiladi. Shu bois agressiya haqida mulohaza yuritish o’rinsiz”, - deydi u.

Jahonda atigi 20 dona avianosets bor. Bunday vositaga egalik ham sharaf, ham qudrat ramzi hisoblanadi. Shu sababli ham Xitoy va Hindiston shu turdagi kemalarini yaratish ustida berilib ishlayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG