AQSh-O'zbekiston: Huquq va demokratiya targ'iboti ortidagi savollar


Ba’zida achitib gapirib, o’zgarishga undash mumkin, ba’zida esa shirin gapirib, der edi sobiq Davlat kotibasi Xillari Klinton. 2010-yilning 2-dekabrida Toshkentda o'tgan muloqot.

Ba’zida achitib gapirib, o’zgarishga undash mumkin, ba’zida esa shirin gapirib, der edi sobiq Davlat kotibasi Xillari Klinton. 2010-yilning 2-dekabrida Toshkentda o'tgan muloqot.

AQSh hukumatiga nisbatan doimiy tanqidlardan biri shuki, bu davlat rahbarlari inson huquqlari va erkinlik haqida qanchalik bong urmasin, ularni barcha mamlakatlarda birdek targ’ib qilmaydi. Targ’ibot darajasi Amerikaning strategik manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi, deyiladi Ochiq Jamiyat Instituti chiqargan tahlilnomada.


Markaziy Osiyoga nisbatan bugungi siyosatning nozik jihatlari

O’zbekiston orqali Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyaga zarur yuk tashiladi. Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston ham bu borada o’z hissasini qo’shmoqda. Rossiya ham Shimoliy Ta’minot Tizimining ajralmas qismi. Lekin bu mamlakatlarning har biri bilan AQSh o’ziga xos murakkab va chigal aloqalarga ega. Qaysidir masalalarda ovozini balandroq qo’yib norozilik bildirsa, qaysidir davlatlarga “do’stmiz, bu bir ezgu nasihat” deya o’z qarashlarini bayon etadi.

Vashingtondagi Ochiq Jamiyat Instituti ilmiy xodimi Eymi Makdonald Yevrosiyoga nisbatan siyosatni o’rganib chiqib, shunday xulosa qiladiki, izchillik yo’qligi Amerikaga nisbatan ishonch, umid va hurmatni yemirmoqda. Erkinlik urug’ini sochib tanilgan bu diyor o’z qisqa muddatli manfaatlarini deb, diktatorlar bilan og’iz-burun o’pishmoqda, vaholanki, Amerika davlatining eng oliy hujjatlarida inson huquqlari va demokratiya targ’iboti strategik manfaatlardan deb qayd etilgan.

Eymi Makdonald va Ochiq Jamiyat Instituti AQSh hukumatiga qator tavsiyalar bilan chiqqan. Ulardan biri shuki, O’zbekiston singari huquqbuzar davlatlar bilan qay sohada hamkorlik qilinmasin, uni erkinlik va demokratiyaga bog’lash kerak. Masalan, iqtisodiy loyihalarni ishga solishda va sarmoya kiritishda. Oshkoralik ta’minlanmasa, iqtisodiy hamkorlik uzoqqa cho’zilmaydi. Tizimga ishonmasa, amerikalik sarmoyadorlar O’zbekistonga qadam bosmaydi, bossa ham, uzoq turmaydi. Inson huquqlari qadrlanmagan jamiyatda haqiqiy taraqqiyotga erisholmaysiz.

Davlat departamenti nima deydi?

Bu tavsiyalarni eshitgan tegishli rasmiylar, Davlat departamenti vakillari, to’g’ri, targ’ibotni kuchaytirish kerak, deya yuqoridagi tanqidlarni ijobiy qabul qilmoqda. Ularning asosiy iddaosi: repressiv tuzumlar bilan hamkorlik qilish inson huquqlari bilan bog’liq masalalarga ko’z yumish degani emas.

Diplomatlar deydiki, Amerika tanqidni naqadar baland ovozda aytmasin, o’zga davlatlarning rahbarlarini dunyo sahnasida sharmanda qilishga qanchalik urinmasin, bu bilan vaziyat yaxshilanib qolmagan. Ahvolni yaxshilaydigan xalqning o’zi va Amerika astalik bilan, imkon qadar, demokratik kuchlarni va huquq himoyachilarini quvvatlashi, oshkoralikka undovchi programmalar joriy etib, ularni moliyalashi lozim.

Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyo byurosi vakili, matbuot va xalq diplomatiyasi bo’yicha mas’ul Jonatan Xenikning aytishicha, O’zbekiston singari jamiyatlarda inson huquqlari e’zozlanmayotganida Amerikani ayblash noto’g’ri.

Vashington bu borada yaxshi targ’ibot olib bormayotgani uchun ham vaziyat og’ir deyish asossiz xulosa, deya ta’kidlaydi u. AQSh qudratli davlat, ammo mo’jizakor emas.

Amerika o’z moliyaviy imkoniyatlari va bugungi siyosiy prioritetlaridan kelib chiqqan holda, turli programmalar olib bormoqda, deydi u. O’zbekiston kabi davlatlar bilan muzokaralarda inson huquqlari hamisha dolzarb mavzu va respublika rahbariyatiga “erkinlik tomon qadam tashlanmasa, hamkorlik mustahkam bo’lmaydi” deb eslatib kelamiz, deydi u. Lekin Obama ma’muriyati huquq himoyachilari talab qilayotganidek shartlarga berilmoqchi emas, balki muntazam muloqot orqali kelishmovchiliklarni astalik bilan hal etishni istaydi, deydi Jonatan Xenik.

Jim Bigus - Davlat departamentida Demokratiya, huquq va mehnat byurosi rasmiysi, aynan Markaziy Osiyo bo’yicha mas’ul.

“Inson huquqlari va demokratiya masalasi muzokaralarning integral qismi”,- deydi u O’zbekiston bilan aloqalar haqida gapirar ekan.


Siyosiy mahbuslar taqdiridan tortib, paxta dalalarida majburiy mehnat, so’z va matbuot erkinligi yo’qligidan tortib, nohukumat tashkilotlarga nisbatan bosimgacha, barchasi doimiy muhokamada, deydi Bigus.

Qilinishi kerak bo’lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar, qachon bajarilaman deb yotgan loyihalar serob, deydi diplomat. Vashingtonda ular uchun zarur mablag’ bo’lmasa ham, siyosiy iroda va ishtiyoq yetarli.

Bugun asosiy diqqat Afg’oniston bo’yicha hamkorlik va xavfsizlikda, lekin huquq bobidagi muammolarni ko’tarishda davom etamiz, deydi Jim Bigus. AQSh Davlat departamenti dunyo bo’ylab huquq ahvoli haqida har yili hisobot chiqaradi va unda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari keskin tanqid ostida, deydi rasmiy.

Yaqinda Davlat kotibi sifatida xizmatini tugatgan Xillari Klinton fikricha diplomatiya doimiy izlanish va ta’sir ko’rsatishning yangidan yangi effektiv yo’llarini topish degani. Aynan huquq va demokratiya targ’ibotida bu o’ta muhim.

Quruq tanqid – quruq tanqid, ba’zida achitib gapirib, o’zgarishga undash mumkin, ba’zida esa shirin gapirib, deydi Klinton. Tarozining bir pallasida manfaatlar bo’lsa, ikkinchisida xavotirlar. Ular har doim ham teng emas, ya’ni manfaat ahamiyati va xavotir darajasi.

AQShning yana bir sobiq bosh diplomati Madlen Olbrayt esa shunday deb tanilgan: Inson huquqlari targ’iboti – o’zgarmas, unutilmas strategiya, ammo uni qanday olib borish, taktika sharoitga qarab o’zgarib turadi.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG