AQSh Markaziy Osiyoga harbiy yordam berib kimni quvvatlayapti?


7-sentabr, 2012: Ostonadagi uchrashuv

7-sentabr, 2012: Ostonadagi uchrashuv

Yaqinda AQSh Kongressida kechgan tinglovda Markaziy Osiyoda bugun ekstremizm va terrorizm xavfi qanchalik yuqori degan savol o’rtaga tashlandi.



Obama ma’muriyati nazarida favqulodda tahdid yo’q, ammo xavfsizlik bobida mintaqaga yordam berish kerak. Chunki, deydi diplomatlar, bu Amerika manfaatlari uchun ham xizmat qiladi.

Tahlilchilar esa Vashingtonni yordamni yetti o’lchab bir kesishga undamoqda. 2012-yilda regionga jami 215 million dollarlik harbiy yordam ko’rsatilgan. Markaziy Osiyo xalqlari repressiv tuzumlar ostida yashaydi va bu hukumatlarga harbiy madad ko’rsatish bilan Amerika nufuzi yanada pasayishi, davlat o’ziga ko’proq dushman orttirishi mumkin, deydi ayrim ekspertlar.

Konservativ siyosatni targ’ib etib tanilgan tahlil markazi, “Heritage” jamg’armasi ilmiy xodimi Ariel Koen (Ariel Cohen) fikricha, nafaqat Markaziy Osiyo balki Rossiya va umuman sobiq ittifoqning ko’plab burchaklarida islomiy radikalizm xavfi mavjud va Amerika unga qarshi kurashda davlatlarni quvvatlashi kerak.

“2001-yilning 11-sentabridan oldin ham Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikiston diniy ekstremistlardan xavotirlanib, Vashingtondan yordam so’ragan, ammo davlatimiz e’tibor bermagan. Afg’onistonni tark etarkanmiz, terrorizmga qarshi kurash hamon davom etayotgani va hamkorlik qilish muhim ekanini unutmaslik kerak”, - deydi Koen.

Vahobiylar, salafiy musulmonlarning eng mutaassib toifasi, Rossiya va mintaqa bo’ylab har yerda topiladi, deydi u, o’z tadqiqotlariga asoslanib. Shimoliy Kavkaz, uning nazarida, qaynoq nuqta va Amerika u yerdan ham ko’zini uzmasligi kerak. Chechenistondagi qonli urush jangarilar ildiziga bolta urolmadi, ular hamon faol, deydi olim.

Kongress oldida gapirgan yana bir ekspert, Jeymstaun jamg’armasi deb nomlangan ilmiy markazdan Jekob Zen (Jacob Zen) esa shunday deydi:

“Markaziy Osiyo bilan yaqindan ishlamasak, Afg’onistonda biror maqsadga erisha olmaysiz.
Tinchlik iqtisodiy taraqqiyot talab qiladi. Afg’on xalqi oyoqqa turishi uchun shimoldagi qo’shnilar ko’magi zarur. Ularni bunga jalb etish uchun esa Amerika kuchli diplomatiya va tashabbuslar bilan chiqishi kerak”.

Olim deydiki, Turkmaniston va Qozog’istondek energetik jihatdan boy davlatlar Amerikaning Yevropadek yaqin ittifoqchilari uchun muqobil manbalar. Shuningdek, deydi u, AQSh qoradori savdosi va terrorizmga qarshi urushni Markaziy Osiyo bilan hamkorliksiz olib borolmaydi.

Regiondan chiqqan jangarilar bugun Tolibon va al-Qoidaning ajralmas qismiga aylanib ketgan. O’zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Itttifoqi faoliyati susaygandek tuyulishi mumkin, ammo terroristlar bor ekan, ular ham bor, deydi Zen.

“CLI Solutions” degan xususiy firmada strategik maslahatchi Natan Barrik (Nathan Barrick) terrorizm xavfi bor va bu boradagi hamkorlikni cheklamaslik kerak, deydi. Ammo AQShning o’zi moliyaviy jihatdan qiyin bir vaziyatda yashayotgan paytda mintaqada hozirgidan ortiqcha xarajat qilishga hojat yo’q.

“Afg’onistondan chiqishimiz bilanoq mamlakatni Tolibon va uning hamtovoqlari egallab oladi deyishga asos yo’q. Haqiqat shuki, jangarilarning ham sillasi qurigan va avvalgiga qaraganda ozroq moddiy kuch va quvvatga ega. Ular Afg’onistonda hokimiyatga kelishga urinsa ham Markaziy Osiyoga intilmaydi. Mintaqadan chiqqan jangarilarning qoldiqlari qaytishga harakat qilar, ammo Tolibon va al-Qoida uchun bu prioritet emas”.

Amerika Markaziy Osiyoda kim bilan hamkorlik qilayotganiga ko’z yuma olmaydi, deydi Natan Barrik. O’zbekiston singari davlatlarda repressiv tuzum 2005-yilda Andijonda terrorizmni bahona qilib o’z xalqini o’qqa tutgani Vashingtonni ogohlikka undadi.

“O’shanda buzilgan aloqalar hali ham butunlay tiklangani yo’q, buni bilasiz”,- deya murojaat qiladi olim qonunchilarga. “Yordam kimga va nima uchun, qanday shartlar ostida berilmoqda? Buni izchil ko’rib chiqing”.

Natan Barrik nazarida odamlarni mutaassiblik tomon yetaklaydigan sabablar dinda emas, siyosiy repressiya va iqtisodiy yetishmovchilikda.

Stiven Blank (Stepehn Blank), AQSh mudofaa oliygohi professori tahlilicha, 2014-yildan keyin Markaziy Osiyo tinchligiga asosiy tahdid tashqaridan emas, ichki omillardan keladi. Barcha davlatlarda rahbariyat chirigan va xalq talablariga javob bermaydi. Ikki yirik jamiyat O’zbekiston va Qozog’iston keksa prezidentlar, yakkahokimlar qo’lida, deydi u. Ulardan keyin hokimiyat uchun kurash avj olmaydi deyishga asos yo’q, deydi olim. Siyosiy-iqtisodiy muammolar kun sayin chuqurlashmoqda, bu esa faqat beqarorlikka yetaklaydi. Radikalizmga undovchi faktorlar ham shular, deydi u, Natan Barrikning fikrlariga qo’shilar ekan.

Ekspertlar deydiki, Markaziy Osiyo rahbarlari Afg’onistonda vaziyat qaltis deb o’z manfaati yo’lida Amerikadan ko’proq ko’mak undirishga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin.

Kongressda mintaqa yuzasidan gapirgan barcha tahlilchilar ta’biricha, Rossiya va Xitoy o’z manfaatlari doirasida strategik bloklar tuzib, mintaqa davlatlarini o’zlariga bo’ysundirishga urinmoqda. Buni yaxshi tushungan rahbarlar esa Amerika va Yevropa Ittifoqi bilan aloqani yaxshilab, yirik qo’shnilariga “G’arb bizni quvvatlaydi” deya ko’rsatib qo’ymoqchi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG