AQSh Markaziy Osiyoda integratsiyaga turtki bera oladimi?


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Amerikaning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen, Samarqand, 1-noyabr, 2015-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Amerikaning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen, Samarqand, 1-noyabr, 2015-yil

AQSh va Markaziy Osiyo o'rtasida “C5+1” formatidagi muloqot mintaqa rivojiga doir yangi loyihalarga turtki berishi kutilmoqda. Siyosatshunoslar nazarida ham Amerika bilan tuzilgan bu sheriklik regionda o'zaro hamkorlik uchun ahamiyatli.

Davlat kotibi Markaziy Osiyo bo'ylab safarda. Tashrif doirasida asosiy tadbirlardan biri Samarqandda o'tdi va “C5+1” muloqoti tashkil qilindi.

Amerika shu tariqa Markaziy Osiyo bilan yaxlit hamkorlikni yo'lga qo'yishni ma'qul ko'rmoqda. Yevropa Ittifoqi va regiondagi asosiy sarmoyadorlardan bo'lishga va'da berayotgan Yaponiya ham Markaziy Osiyo bilan xuddi shu kabi mintaqaviy formatda muloqot qilib keladi.

Xo'sh, bu yangi tashabbus nimasi bilan farqli? O'lkalarga nima beradi?

Siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha, buning istiboli haqida gapirishga hali erta. Amerikaning yangi tashabbusi uzoqlashib borayotgan mintaqa davlatlarini o'zaro yaqinlashtirsa, bu asosiy yutuq bo'ladi, deb hisoblaydi u.

“Oxirgi tendensiyalar shuni ko'rsatdiki, mintaqa davlatlari o'zaro hamkorlik bilan deyarli shug'ullanmay qo'yishdi. Mintaqaviy muammolarni birgalikda yig'ilib muhokama qilmay qo'yishgan edi. Aksincha, ular ko'proq Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi yirikroq tuzilmalarda turli darajada ishtirok etish bilan mintaqaning o'z ishlarini ikkinchi darajaga tushirib qo'yishdi. Agar “C5+1” formati AQSh ko'magida mintaqa xavfsizligi, shuningdek, iqtisod, boshqa rivojlanish dasturlari bilan shugu'llanadigan bo'lsa, o'ylashimcha, bu Markaziy Osiyo uchun juda katta yutuq bo'lar edi”, - deydi Tolipov.

Siyosatshunosning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyaning regional formatdagi strategiyasida iqtisodiy loyihalar, infrastuktura, transport yo'laklarini yaratish ustun turadi.

“AQShning maqsadi, dasturlari ham rivojlantirishga qaratilgan, ammo shu bilan bir qatorda, deylik Yevropa, Yaponiya, Turkiya va Hindistondan ham farqli, bu ishtirok geosiyosiy o'lchamga ham ega bo'ladi. Buni Amerika xohlaydimi, yo'qmi, yoki rad etgan taqdirda ham, uning mintaqadagi ishtiroki geosiyosiy raqiblari Rossiya va Xitoy tomonidan shunday baholanadi”, - deydi Tolipov.

Afg'oniston muammolari bilan shug'ullanib kelayotgan rossiyalik ekspert Andrey Sirenko so'zlariga ko'ra, dunyo xaritasida geosiyosiy raqobatlar kuchayishi Markaziy Osiyoni ham chetlab o'tmadi. Afg'onistonda vaziyat qanday bo'lishidan qat'i nazar mintaqa uchun raqobat kuchaymoqda.

“Bu vaziyat mintaqa siyosiy elitasi uchun qo'l keladi. Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy o'rni yuksalib bormoqda, yirik davlatlar mintaqa uchun raqobatga hozirlanmoqda. Albatta, oldingi qatordagi davlatlar bu Xitoy, AQSh va Rossiya”, - deydi Sirenko.

Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiya yirik iqtisodiy loyihalarga ega. AQSh bu borada ancha orqada.

Samarqanddagi yig'ilish doirasida Amerikaning Markaziy Osiyoga mo'ljallangan ko'mak dasturi ham e'lon qilindi. Bu loyihalar savdo, iqtisod, ekologiya, ta'lim va madaniy sohalarni qamrab oladi.

Jon Kerri inson huquqlari va demokratik qadriyatlar masalasini ham ko'tarmoqda.

“Dastlabki tashrif, dastlabki anjuman bo'lib o'tdi, shuning uhun ham hamma muammolarni bir vaqtning o'zida ko'tarib, muhokama qilishga imkoniyat bo'lmagan deb o'ylayman. “C5+1” hali o'zini ko'rsatishi kerak, va albatta kun tartibida insonparvarlik, demokratik islohotlar masalalari ham ko'riladi. Lekin biz bilamiz, bu masala AQSh uchun muhim. Inson huquqlari domiy tarzda, ikki tomonlama munosabatlar doirasida ham muhokama qilinadi. AQShning doimiy e'tiborida turadi. “C5+1” muloqoti esa hali o'zini ko'rsatishi kerak”, - deydi Tolipov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG