AQSh Markaziy Osiyoda kelgusi yil nima maqsadlarni ko'zlamoqda?

  • Amerika Ovozi

Oq uy 2016-yilda Markaziy Osiyoda 155,7 million dollar sarflamoqchi. Xavfsizlik va barqarorlik, boshqaruvni yaxshilash, inson huquqlari targ'iboti va iqtisodiy taraqqiyot uchun.

Oq uy 2016-yilda Markaziy Osiyoda 155,7 million dollar sarflamoqchi. Xavfsizlik va barqarorlik, boshqaruvni yaxshilash, inson huquqlari targ'iboti va iqtisodiy taraqqiyot uchun.

AQShning Yevropa, Yevrosiyo va Markaziy Osiyoga yordamini muvofiqlashtirish bo'yicha mas'ul Alina Romanovski Kongressga hisobot berar ekan, strategik maqsadlarni tilga oldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, deydi u, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda muhim hudud bo'lib qolmoqda, shuningdek, uyushgan jinoyatchilik va qoradori savdosi ham keng qanot yozgan mintaqa.

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosatini ko'rib turgan davlatlar o'z mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish haqida yanada jiddiyroq o'ylanib qolgan. Amerika bu borada ularni quvvatlashda davom etadi, deydi Romanovski.

Vashington, rasmiyning aytishicha, mintaqaviy birdamlik, iqtisodiy hamkorlik va demokratik qadriyatlarni targ'ib qilish uchun qo'ldan kelgancha yordam beraveradi.

Markaziy Osiyodagi asosiy maqsadlarni Alina Romanovski shunday tushuntiradi:

- xavfsizroq va barqarorroq mintaqa bo'lsin, ekstremist kuchlar va terroristlar makoniga aylanmasin;

- mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik kengaysin va bu Afg'onistonni rivojlantirishga ham hissa qo'shsin;

- hukumatlar demokratik, mas'uliyatli va aholining barcha qatlamlarini o'z ichiga olgan va hammaning manfaati uchun xizmat qiladigan tizimlarga aylansin.

Rossiyaning siyosiy ta'siri va bosimi ostida yashayotgan mintaqada erkinlik va huquq muntazam ravishda toptaladi. Hatto demokratik jihatdan ancha ildamlagan Qirg'izistonda ham vaziyat bu borada ancha og'ir, deya tasvirlaydi Romanovski.

Mintaqa bo'ylab axborot oqimi cheklangan. Elatlararo ziddiyatlar barham topmagan. Iqtisodiy imkoniyatlar juda oz. Uzoq yil hokimiyat cho'qqisida turgan rahbarlardan keyin nima bo'ladi degan qo'rqinch hukmron.

Oq uy 2016-yilda Markaziy Osiyoda jami 155,7 million dollar sarflashni ko'zlamoqda. Bu ikki yil oldingi sarfiyatdan 6,3 million dollar ko'proq. Amerika bu pulni xavfsizlik va barqarorlik, adolatli boshqaruv, inson huquqlari targ'iboti va iqtisodiy taraqqiyot uchun ajratadi.

AQSh eng ko'p xarajatni Tojikiston va Qirg'izistonda qilishni rejalagan. Tojikistonda asosan taraqqiyot dasturlariga, Qirg'izistonda esa demokratiya, chegara, qoradori savdosiga qarshi kurash va terrorizmning oldini olish singari maqsadlarda. Mustaqil matbuot va axborot vositalari rivojlanishi uchun, shuningdek, mintaqaviy tijorat, transport, bojxona tizimlarini isloh qilish va tadbirkorlikni rag'batlantirish yo'nalishlarida ham mablag' ajratish ko'zlangan.

Vashington jarayonga xususiy sektorni jalb qilishga urinmoqda hamda ayrim sohalarda Yevropa Ittifoqi bilan birga ishlamoqchi.

Iqtisodiy va siyosiy islohotlarsiz, inson huquqlari va erkinliklarini e'zozlamasdan turib, Markaziy Osiyoning biror davlati farovonlik va barqarorlikka erisha olmaydi, deydi diplomat.

Mintaqa qanchalik tinch, erkin va to'q yashasa, bu Amerika xavfsizligi va manfaatlari yo'lida shunchalik ijobiy ahamiyat kasb etadi, deydi Alina Romanovski.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG