Amerikada iqtisod chatoq ekan, umid yana markaziy bankdan

  • Amerika Ovozi

AQSh federal zaxirasi, ya’ni markaziy banki mamlakat iqtisodiyotini jonlantirish uchun qo’shimcha choralar ko’rishga tayyor. Foiz stavkalari 2014-yilgacha pastligicha qoladi.

Maqsad fuqaro va bizneslarni arzon kredit bilan ta’minlashdir. Markaziy bankning valyuta siyosatini belgilovchi qo’mitasi so’nggi majlisida ana shunday bayonot berdi.

Qo’shma Shtatlar iqtisodiyoti ikkinchi chorakda atigi 1,5 foizga o’sgan. Iste’molchilar hozir asosan bor pulini tejash g’amida.

Yalpi milliy mahsulot hajmi iqtisod qanchalik sog’lom ekanini ko’rsatadi. Bu raqam yil boshiga qaraganda yarim foizga qisqargan bo’lsa-da, baribir kutilganidan yuqoriroq chiqdi, deydi Amerika Bankida (Bank of America) mutaxassis Itan Xarris.

“Kichik sur’atlarda bo’lsa-da, jonlanish bor. Ammo krizis asoratlari bilan hali uzoq vaqt kurashamiz. Har oygi raqamlar buni tasdiqlab turibdi. Davomiy o’sish haqida gapirishga hali erta”, - deydi Xarris.

Ekspertlar izohicha, tushkunlik ortidagi sabablardan biri ertangi kunga ishonch yo’qligidir. Bizneslar ko’p ishchi yollamayapti. Iste’molchi pul sarflashga qo’rqib qolgan. Yevropada ahvol besh battar, investorlarning tavakkalga ishtahasi yo’q.

Ammo tarqoq Kongress biror chora ko’radi, desangiz adashasiz, deydi Xarris. Markaziy bank bir yo’lini topishiga katta umidlar bog’langan.

“To’g’risi, hozir Vashingtonda qo’lidan biror ish keladigan idora shu. Boshqa hamma janjallashish bilan yoki saylovlar bilan ovora. Iqtisodiy muammolar haqida bong uramiz, amalda esa hech narsa qilinmayapti. Faqatgina markaziy bank chora ko’rishi mumkin”, - deydi ekspert.
Ben Bernanke

Ben Bernanke


Bank raisi Ben Bernanke qonunchilar oldida hisobot berar ekan, hozir favqulodda choralar vaqti emas, dedi. “Standard and Poor’s” agentligi eksperti Sem Stoval so’zlariga ko’ra, foiz stavkalar shundoq ham eng past darajada.

“Bernanke tanazzulni bartaraf uchun deyarli hamma vositalarni ishga solib bo’ldi. Lekin yana bir imkoniyat bor. Markaziy bank payt poylab turibdi”.

AQSh moliya markazi Vol-Stritda mish-mish shuki, bank ixtiyoridagi vositalardan biri pul aylanmasini oshirishdir. Ammo bu oxir-oqibat inflyatsiyaga yetaklaydi.

Ishsizlik hozir Amerikada 8 foizdan yuqori. Iqtisod zaifligicha qolaversa, markaziy bank sentyabrga borib, tezda ishga kirishadi, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG