AQSh bolalarning urushdagi ishtirokiga oid siyosatini o'zgartirdimi?

  • Amerika Ovozi

Myanma armiyasi saflarida yosh bolalar kam emas.

Myanma armiyasi saflarida yosh bolalar kam emas.

Dunyoning olti davlatida yosh bolalar qurolli mojarolarga jalb etilayotganiga qaramay Oq uy bu tuzumlarga harbiy yordam ko’rsatadi. Asosan Afrikada joylashgan bu mamlakatlarda go’dak jangarilar ko’p.

Markaziy Afrika Respublikasi singari jamiyatlarda bolalar qonli urushlar qatnashchisi va qurboni, deydi masalani uzoq yillardan beri o’rganib kelayotgan amerikalik olima Syuzan Shepler.

“Ularni jangari guruhlarga qo’shilishga majburlashadi. Yoki bu bolalarning oilaviy ahvoli og’ir yoki qashshoqlikda yashaydi. Shu bois iloji qolmay qo’liga qurol oladi. Jangchiga aylangach ular dahshatli jinoyatlarga qo’l urishga majbur bo’ladi”.

AQSh hukumati to’qqiz mamlakatni bolalarni askar sifatida ishlatayotganlikda ayblaydi. Gap Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Ruanda, Somali, Janubiy Sudan, Suriya, Yaman va Birma haqida ketyapti.

Bu davlatlarning oltitasiga nisbatan maxsus choralar butunlay yoki qisman bekor qilinmoqda. Suriya, Birma va Sudan esa jazolanadi.

Davlat departamenti rasmiysi Den Maxanti qarorni shunday tushuntiradi:

“Birinchi navbatda bu mamlakatlardagi ijobiy o’zgarishlarga e’tibor beryapmiz. Ularda qabul qilingan milliy dasturlarga ko’ra tegishli qadamlar qo’yilmoqda. Biz bu masalada BMT bilan hamkorlik qilyapmiz. Ikkinchidan, bu davlatlarga beriladigan harbiy yordam AQSh milliy xavfsizlik maqsadlari bilan hamohang”.

Maxanti deydiki, bu qaror bolalarni askar sifatida ishlatayotgan davlatlarda boshqacha talqin qilinishi mumkin, degan xavotirlar asossiz. Masala obdon o’rganiladi, fuqaroviy jamiyat, BMT bilan hamkorlik imkonlari ko’rib chiqiladi, hukumatlar bilan muammoni bartaraf etish haqida muzokaralar olib boriladi, deydi rasmiy.

Ammo inson huquqlari faoli Adoti Akvey boshqacha fikrda.

“AQSh harbiy yordamini oladigan Afrika hukumatlari bu qarorni oddiy hol deb qabul qiladi. “AQSh bizning qo’shinlarimizni treningdan o’tkazmoqchi, askarlar orasida esa bolalar bor. Lekin bu jiddiy muammo emas. Xavotir olmang”, deydi ular. Eng katta xavf shunda,” - deydi u.

Vaziyatni o’zgartirish oson emas, deydi faol, lekin Oq uy qarori muammoni yanada og’irlashtirishi turgan gap.

“Bolalarni jismonan qiynashadi. Ayrimlari o’limgacha boradi hatto. Ular hech qanday tahsil olayotgani yo’q. Har kuni zo’ravonlik guvohi bo’lib katta bo’lmoqda. Askar bo’lishga tayyorlanadi. Vaholanki ular zo’ravonlik yomon ekanini hali aqlan tushunib yetmagan go’daklar”.

Akvey nazarida, AQSh bu bolalarga yordam berish uchun ularni qurolli mojarolarda askar sifatida ishlatayotgan davlatlarni jazolash siyosatini davom ettirishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG