AQSh va Xitoy hamkorlikda afg'on diplomatlari malakasini oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar va Xitoy bir necha yildan buyon afg’on diplomatlari malakasini oshirish dasturini yuritib keladi. Treninglar har ikki mamlakatda o'tmoqda.

Afg’oniston diplomatik korpusini tayyorlash bo’yicha qo’shma loyihani Vashington va Pekin bundan to’rt yil oldin boshlagan. Afg’on rasmiylari diplomatiya, kommunikatsiya va boshqaruvdan dars olmoqda.

Bu hamkorlikning davomi sifatida yaqin orada Afg’oniston dehqonlari va shifokorlari uchun ham alohida treninglar boshlanadi.

AQSh Davlat kotibi muovini Toni Blinken qatnashchilarni kutib olar ekan, Afg’oniston taraqqiy etishidan Amerika va Xitoy birdek manfaatdor ekanini ta’kidladi.

“Bu dastur nafaqat afg’on yetakchilarining yangi avlodini tayyorlab kelmoqda, balki Afg’onistonni xavfsiz, barqaror va farovon jamiyatga aylantirish yo’lida AQSh va Xitoyni birgalikda ishlashga undaydi”, - deydi rasmiy.

2012-yilda boshlangan trening programmasi doirasida AQSh va Xitoyning Kobuldagi elchixonalari har yili 15 nafar yosh afg’on diplomatini tanlab oladi. Shu kungacha 35 yoshgacha bo’lgan 45 kishi o’qishni tamomladi.

Bitiruvchilardan to’rt nafari - ikki erkak va ikki ayol - Afg’onistonning Vashingtondagi elchixonasiga ishga olingan.

AQSh va Xitoy o’rtasida har yili Strategik va iqtisodiy muloqot bo’lib o’tadi. Afg’onistonga atalgan trening dasturi ana shu uchrashuvlar mahsulidir.

Shu oy oxirida Xitoy Prezidenti Si Zinpin Vashingtonga tashrif buyuradi. Xitoyning AQShdagi elchisi Tsuy Tyankayning aytishicha, Afg’oniston bo’yicha qo’shma dastur Vashington-Pekin hamkorligining yorqin namunasidir.

Afg’on diplomatlari Vashington va Nyu-Yorkda ikki hafta bo’lib, so’ngra Xitoyga jo’nab ketadi. Davlat departamenti, vitse-prezident idorasi, tadqiqot markazlari, Kongress va Birlashgan Millatlar Tashkilotida uchrashuvlar belgilangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG