Eksportni oshirish uchun davlatlar valyutasini ishga solmoqda


Eksportni oshirish uchun davlatlar valyutasini ishga solmoqda

Eksportni oshirish uchun davlatlar valyutasini ishga solmoqda

Xitoy AQSh Vakillar Palatasida yaqinda qabul qilingan qonundan norozi. Unga binoan, o’z milliy puli qiymatini sun’iy ravishda ushlab turgan mamlakatlar, xususan Xitoy jazolanadi, ya’ni ular bilan biznes hamkorlik cheklanadi.

Shuningdek, Xitoy mollari importiga qo’shimcha boj qo’yishilishi, tariflar oshirilishi mumkin.

Hozircha bu qonun kuchga kirgani yo’q, chunki hali Senatda muhokama qilinmagan, ammo Xitoy Tashqi ishlar vazirligi buning oqibati global ravishda seziladi deya ogohlantirmoqda.

Vashington Xitoyni uzoq yillardan beri moliyaviy makkorlikda ayblab keladi. Yuan qiymatini ataylab past saqlayotganlikda.

“Amerika bizni qoralash va savdoni cheklash bilan nimaga erishmoqchi?” deb so’raydi Jing Yu, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi.

“Xitoy va AQSh orasida savdo-sotiq ko’lami pasayadi. Bu bilan esa boshqa davlatlarning iqtisodiga ham zarar yetadi. Bu qonun ta’siri jahon bozorida ham sezilishi tayin”.

Xitoy shu tariqa unga qo’yilayotgan moliyaviy ayblarni rad etmoqda. Lekin Amerika hukumati nazarida yuan arzon bo’lgani sabab bu mamlakatda ish o’rinlari qo’ldan boy berilmoqda.

Bizneslar arzon ishchi kuchi izlab Osiyoga ketib qolgan. AQSh-Xitoy orasidagi savdo kamomadi kun-sayin o’sib bormoqda. Yangi qonun faqat Xitoyga qaratilgan emas.

“Masalan, Yaponiya, Shvetsiya va Shetsariyada ham milliy valyuta qiymati shunday idora qilinadi. Bu faqat Xitoy bilan bog’liq muammo emas. Bu global masala”, - deydi Robert Skott, Iqtisodiy Siyosat Institutida yetakchi mutaxassis.

Uning fikricha, Kongress qabul qilgan qonun u qadar kuchli emas.

“Nazarimda bu siyosat bilan biror natijaga erisha olmaymiz. Amerika-Xitoy orasida savdo shu qadar keng va mustahkamki, unga putur yetishi oson emas. Shuning uchun vahimaga hojat yo’q”.

Lekin hamma ham bunday fikrda emas. Ding Jiji Pekindagi Xalqaro Biznes va Iqtisodiyot Universiteti professori.

“Yuan qiymati azaldan ikki davlat orasidagi savdoga raxna solib keladi. Xitoy va Amerika dunyoda eng yirik iqtisodiyotga ega tuzumlar. Ular bir-biri bilan moliyaviy jihatdan kelisha olmayotgani global biznes maydonida sezilmay qolmaydi”.

Amerikaning Xitoydagi Tijorat Palatasi Kongress ko’rayotgan jazo choralariga qarshi. Bizneslar Xitoyni tark etishga majbur bo’lib, boshqa yanada arzon mamlakatlarga ko’chishi mumkin.

Xitoy bilan hamkorlikni cheklash emas, uni oshirish haqida o’ylash kerak, deydi ayrim biznesmenlar.

Lekin Xitoyni yuan qiymatini bozor hal qilsin, hukumat emas deb ko’ndirish mumkinmi? Hozircha bu savolga hech kimda javob yo’q.

XS
SM
MD
LG