Kongressmen: Davlat idoralari kompyuterlariga hujumda Xitoyning qo'li bor

  • Amerika Ovozi

Vakillar palatasidagi Ichki xavfsizlik qo’mitasi raisi Maykl Makkolning aytishicha, o’tgan hafta AQSh hukumatiga uyushtirilgan xakerlik hujumi ortida Xitoy turibdi. Prezident Barak Obama o’g’rilik ortida kim turgani haqida aniq aytmasa ham, ularga nisbatan chora ko’rishga va’da berdi. Oq uyga ko’ra, hujum sabablari va uni amalga oshirganlarning shaxsi o’rganilmoqda.

AQSh telekanallaridan biriga intervyu bergan Makkolning aytishicha, hukumatning to’rt millionga yaqin sobiq va hozirgi ishchilari ma’lumotlarining o’g’irlanishi AQSh tarixidagi eng katta xakerlik hujumidir.

“Tahdid ko’rsatkichlariga e’tibor qaratyapmiz. Bu ma’lumotlarni o’g’irlashga kim niyat qilgan bo’lishi mumkin? Bu juda katta firibgarlik. Federal hukumatdagi to’rt million siyosiy xodim va ishchilarni nishonga olgan. Menimcha, bu Xitoyning AQShga qilgan hujumi. Josuslik bilan teng”, - deydi u.

Makkol so’zlariga ko’ra, aprelda ma’lum bo’lgan va jamoatchilikka yaqinda oshkor qilingan hujumning aniq manbasi hanuz ma’lum emas, ammo uning qanday amalga oshirilganiga qarab Xitoy hukumatining aralashganini payqash mumkin.

“Kredit karta ma’lumotlari kabilarni o’g’irlash maqsad qilinmagan. Federal hukumatdagi mansabdorlar va xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini qo’lga kiritish niyat qilingan. Bu ma’lumotlardan federal hukumatdagi shaxslarni yo’ldan urish yoki josus yollash maqsadida foydalanishlari mumkin”, - deydi u.

Yil boshida “Anthem” sug’urta kompaniyasidan bir necha 10 million shaxs ma’lumotlari o’g’irlangan edi. Makkolga ko’ra, bu gal ham ayni bir manbadan hujum qilingan.

Xitoy ayblovlarni keskin rad qilib, ularni asossiz va aql bovar qilmas deb atadi. Davlatga qarashli “Global Times” kundalik gazetasida yozilishicha, AQSh xakerlik mavzusi orqali Xitoyni “do’pposlash”ni yoqtiradi, ammo hech qachon aniq dalillarni ko’rsata olmaydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi ham bunday hujumlar, odatda, anonim va ularning qayerdan kelganini aniqlash juda mushkul ekanini ta’kidladi.

Kongressmen Adam Shifning aytishicha, bunday hujum haqida ikkita taxminni olg’a surish mumkin:

“Davlat idorasi yoki davlat bilan birga ishlovchi xususiy xakerlar guruhi amalga oshirgan bo’lishi mumkin. Ularning maqsadi odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini o’g’irlash orqali firibgarlik qilish yoki hukumat homiyligidagi hujum bo’lsa, razvedka idoralarida kimlar ishlashini aniqlash bo’lishi mumkin. Asosiy muammo shundaki, kiber-urushda afzallik hujum qilgan tomonda bo’ladi. Kimligingiz yashirin tarzda hujum qilishingiz mumkin. Bunga qarshi mudofaa esa juda qimmatga tushadi. Himoya bilan birga amalga oshirishimiz lozim bo’lgan katta ishlardan yana biri shuki, biz qachon hujumga o’tamiz va kelajakdagi hujumlarga qanday qarshi choralar ko’ramiz, shuni aniqlab olishimiz kerak”, - deydi kongressmen Shif.

Germaniyada o’tgan Katta yettilik sammitida Oq uy so’zlovchisi Josh Ernestning aytishicha, Federal Qidiruv Byurosi hujum yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.

“Hujumni amalga oshirganlarning shaxsi va ularning maqsadi yuzasidan hanuz tekshiruv davom etmoqda. Tergov xulosalari chiqishidan oldin biror narsa aytishni xohlamayman”, - deydi u.

Xitoy bo’yicha mutaxassis Skot Kennedi fikricha, hujumga Xitoyning aralashgan bo’lishi ehtimoli yuqori, chunki Pekin so’nggi bayonotida buni keskin inkor qilmagan. Tahlilchi so’zlariga ko’ra, ikki mamlakat aloqalari murakkab va o’zaro ishonchsizlik borgan sari oshib bormoqda.

“Kundalik savdo, tijorat va ayrim xavfsizlik masalalari va hatto Eron bo’yica muzokaralar davom etyapti. Ammo nozik mavzularga kelganda tomonlar oyoq tirab turib olgan. Nazarimda, Si Zinpin va Xitoy rahbariyati faoliyati tugashiga bir yarim yil qolgan Obama ma’muriyati bardoshini sinovdan o’tkazyapti. Ular jiddiy qarshiliksiz AQShni qanchalik orqaga surish mumkinligini tekshirmoqda”, - deydi Kennedi.

Tahlilchining aytishicha, hujum Xitoydan kelgani aniqlangan taqdirda ham, amaliyot o’ta murakkab va ulkan darajada bo’lgani tufayli, xitoylik xakerlarning yolg’iz harakat qilganiga ishonish qiyin.

Kiber-xavfsizlik bo’yicha tahlilchi Ria Baldevianing aytishicha, so’nggi xakerlik hujumi nafaqat milliy xavfsizlik uchun tahdid, balki shaxsiy ma’lumotlar o’g’irlangani bois millionlab odamlarga bevosita zarar yetkazishi ham mumkin.

22-24-iyun kunlari AQSh va Xitoy Vashingtonda navbatdagi strategik va iqtisodiy hamkorlik muloqotini o’tkazishi belgilangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG