Xitoylik huquq himoyachisi Amerikada o’qishga ruxsat oldi

  • Amerika Ovozi

Xitoylik faol himoyasi yo'lida... 40 yoshli Chen Guangcheng davlatning aholi sonini nazorat qilish, majburiy abort siyosatini fosh etib chiqqani uchun 2006-yilda to’rt yilga qamalgan

Xitoylik faol himoyasi yo'lida... 40 yoshli Chen Guangcheng davlatning aholi sonini nazorat qilish, majburiy abort siyosatini fosh etib chiqqani uchun 2006-yilda to’rt yilga qamalgan

Xitoy hukumatining bildirishicha, huquq himoyachisi Chen Guangcheng xorijga o’qishga ketishi mumkin. Vashington va Pekin o’rtasida diplomatik taranglikka shu tariqa barham berilishi mumkin.

Ko’zi ojiz Chen Guangcheng shu hafta uy qamog’idan qochib, AQShning Pekindagi elchixonasida qisqa vaqt jon saqladi. Xitoy hukumati voqeadan g’azablanib, Amerikani o’zga davlat ishlariga aralashganlikda ayblab chiqqan edi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning bugun Pekinda so’zlashicha, Qo’shma Shtatlar kommunistik davlat pozitsiyasi o’zgarganidan mamnun.

Klinton Xitoyga ikki davlat yillik muloqotida qatnashish uchun bordi va Chen bilan bog’liq tortishuv umumiy kayfiyatga ta’sir qilmay qolmadi.

Faolning do’stlari deydiki, Nyu-York Universiteti unga o’qish uchun imkoniyat taklif qilmoqda. Chen Amerikada ma’lum vaqt qolib, keyin albatta vataniga qaytish niyatida, deydi ular.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lyu Veymin so’zlariga qaraganda, huquq himoyachisi, hamma qatori chet elda ta’lim olishga haqli.

Chen hafta boshida Xitoy hukumati bilan bir to’xtamga kelganday bo’lib, mamlakatda qolishga va qonunni o’rganishga rozi bo’lgan edi. Lekin elchixona binosini tark etgach, oilasi va o’ziga nisbatan tahdidlar ortgan.

“Ahvolim yaxshi emas. Men bilan ko’rishishga uringan do’stlarimni kaltaklashibdi”, - dedi faol. U kecha AQSh Kongressida tinglov paytida telefon orqali bog’lanib, “Pekinda Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashishdan umidvorman”, - degan.

40 yoshli Chen Guangcheng davlatning aholi sonini nazorat qilish, majburiy abort siyosatini fosh etib chiqqani uchun 2006-yilda to’rt yilga qamalgan. 2010-yildan beri uy qamog’ida saqlanib kelib, 22-aprelda tutqinlikda qochishga muvaffaq bo’lgan.

Ayrim faollar nazarida Qo’shma Shtatlar rasmiy Pekinning Chenga tegilmaydi, degan gaplariga ishonmasligi kerak.

AQShda asoslangan Human Rights Watch tashkiloti rasmiysi Pelim Kayn Xitoy va’dasini bajaradimi-yo’qmi, kutaylikchi, deydi.

Klintonning bugun Xitoy prezidenti Xu Tzintaoga aytishicha, Amerika “imkon boricha ziddiyatlarni unutishga tayyor”, lekin bugun Pekin-Vashington aloqalari har qachongidan mustahkam ekani ham rost, deydi u. Xitoy Bosh vaziri Ven Zyabao so’zlariga ko’ra, muzokaralar g’oyat samarali o’tgan.

Xitoy davlat matbuotida yangrayotgan ayrim fikrlarga ko’ra esa Chen Guangcheng Amerika siyosatchilari qo’lida o’yinchoq, rasmiy Pekinga loy chaplash uchun bir bahonadir.

Xillari Klinton Pekinda paytida Shimoliy Koreya bilan diplomatik aloqani yaxshilash masalasini ham ko’tardi. Lekin bu davlat avvalo siyosatni o’zgartirib, xalq manfaatlarini ustun qo’yishi kerak, deydi u. Rasmiy Pxenyan o’z fuqarolarini yegulik va sifatli ta’lim bilan ta’minlasa, xalqaro hamjamiyatga qo’shilsa, deydi Klinton.

Amerika diplomati izolyatsiyada yashayotgan Shimoliy Koreyani muloqotga tortishda Xitoy ko’rayotgan choralarni olqishladi. Vashington va Pxenyan shu yil fevralida kelishib, shimol yadro va raketa dasturlarini to’xtatishga rozi bo’lgan edi. Evaziga 240 ming tonna oziq-ovqat olishi kerak edi.

Lekin Shimoliy Koreya o’tgan oy fazoga ob-havoni kuzatuvchi sun’iy yo’ldosh joylash maqsadida raketa uchirgach, bitim kuchini yo’qotdi. Obama ma’muriyati nazarida kommunist davlat aslida yadro qurolini tashuvchi raketalarni sinamoqchi. Raketa yerdan ko’tarilgani zahoti parchalanib ketgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG