AQSh-Xitoy muloqotida iqtisodiy islohotlar, milliy valyuta muhokama qilinadi

  • Amerika Ovozi

AQSh moliva vaziri Jek Lu Xitoy bosh vaziri Li Kesyan bilan. Pekin, 13-may 2014 yil.

AQSh moliva vaziri Jek Lu Xitoy bosh vaziri Li Kesyan bilan. Pekin, 13-may 2014 yil.

AQSh moliya vaziri Jek Luning bildirishicha, kelasi hafta (9-10 iyul kunlari) Pekinda bo’lib o’tadigan “Xavfsizlik va iqtisodiy muloqot” forumida iqtisodiy islohotlar sur’atlari va Xitoy milliy valyutasi qiymatini oshirish masalasi muhokama qilinadi. Dunyoning iqtisodiy jihatdan ikki eng yirik davlati aloqalariga rahna solayotgan internet josusligi ham muzokaralar kun tartibidan o’rin oladi.

1-iyul kuni AQSh-Xitoy biznes kengashida so’zga chiqqan Jek Lu kelasi haftada yanada katta siljishga umid qilayotganini aytdi. Xitoyning tashqi mamlakatlar uchun sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirish va’dalariga to’xtalar ekan, Amerika rasmiysi 2010-yildan buyon Xitoy milliy valyutasi yuan qiymati 14 foizga oshganini qayd etdi.

“Yuan yanada oshishi kerak, qiymati hamon past, bu esa Xitoy iste’molchilari uchun zararli vaziyat, chunki ularning sotib olish qudrati past. Xitoy iqtisodi uchun iste’molchilar talabini oshirish katta ahamiyatga ega. Ammo savdo amaliyotlari nuqtai nazaridan bu adolatsizlik, shu bois biz aynan shu masalaga urg’u beryapmizm,” - dedi AQSh moliya vaziri.

Ikki davlat o’rtasidagi ishonch uchun aynan shu masala sinov, dedi Lu. Qiymati past milliy valyuta Xitoy eksportini oshirish imkonini beradi. Ayni vaqtda xorijiy raqiblar uchun zarba.

So’nggi haftalarda Xitoy yuan savdosi borasida chegaralarini kengaytirdi, ammo valyuta qiymatini sun’iy ravishda bozor narxidan past darajada ushlab turish siyosati davom etmoqda, dedi AQSh rasmiysi.

Peterson nomli xalqaro iqtisodiyot instituti tahlilchisi Gari Xufbauer AQShning yuan qiymatini ko’tarish talabini Xitoy bajarmaydi, deydi.

“Xitoy kredit olishni qiyinlashtirdi. Bu esa iqtisodiy faoliyatining sekinlashishiga olib kelmoqda. Shuningdek, Xitoyda korrupsiyaga qarshi keng ko’lamli kampaniya avjida. Generallar hibsga olinmoqda, bu markazdan viloyatlarga tarqalmoqda. Yirik-yirik loyihalar kamaydi. Bizneslarning rivojlanishini to’xtatmaslik uchun Xitoy hukumati yuan qiymatini oshirmay turibdi,” - deydi tahlilchi.

Jek Luning aytishicha, valyuta qiymatini bozor belgilasa hamda Xitoy iqtisodiyoti ochiqroq bo’lsa, bu Amerikaga yaxshi bo’ladi, AQSh kompaniyalari raqobatbardoshligini oshiradi.

“Aslida, bundan Xitoyning o’zi ham manfaatdor. Xitoyning asosiy iqtisodiy rejasiga qarasangiz, men tilga olgan masalalar undan markaziy o’rin olgan. Shuni ko’zda tutadigan dastur qabul qilingan. Bundan-da sezilarli siljish bo’lishidan umidvorman,” - deydi AQSh moliya vaziri.

Tahlilchi Xufbauer fikricha, muvaffaqiyatlarga Xitoy rahbariyatining butun mamlakat, xususan ulkan zaxiralar ustidan nazorat o’rnatishga qaratilgan urinishlari to’g’anoq bo’lmoqda.

Jek Lu Xitoy rahbariyatining intellektual mulk himoyasi haqidagi qonunlar ijrosini kuchaytirish siyosatini olqishladi. U, shuningdek, kiber-xavfsizlik masalasini ham ko’tardi.

“Jiddiy farq shundan iboratki, biz davlat idoralarining mahalliy shirkatlar foydasiga savdo sirlarini o’g’irlash jarayonida ishtirok etishiga mutlaqo qarshimiz. Buni ilgari ham ta’kidlab o’tganmiz. Bot-bot takrorlaganmiz. Masala yuzasidan boshqa-boshqa fikrdamiz. Buni muhokama qilishimiz kerak. Muhokamalar bo’ladi deb o’ylayman,” - dedi u.

O’z navbatida Xitoy ham AQShning kiber-josusligidan shikoyat qiladi. Gari Xufbauerga ko’ra, Obama ma’muriyati tijoriy josuslik hukumat josusligidan farq qilishiga urg’u bermoqda.

Kelasi hafta Pekinda AQSh va Xitoy rasmiylari muzokara boshlaydi. Hozirda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar AQSh-Xitoy geosiyosiy munosabatlariga qaraganda ancha mustahkamroq. Geosiyosatda ikki taraf bir-biriga raqib, deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG