Kongress Dengiz huquqlari bo’yicha konvensiyasini qachon tasdiqlaydi?

  • Amerika Ovozi

Janubiy Xitoy dengizida Xitoyga qarashli kema

Janubiy Xitoy dengizida Xitoyga qarashli kema

AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Kongress BMTning Dengiz huquqlari bo’yicha konvensiyasini qabul qilsa, Janubiy Xitoy dengizidagi munozaralarni hal qilish osonlashadi.

Xitoy dengiz bo’yidagi davlatlar bilan jiddiy hududiy bahslarga kirishgan.

Prezident Obama Nyu-Yorkdagi Vest-Poynt harbiy akademiyasi bitiruvchilari oldida nutq so’zlaganida shu mavzuga to’xtaldi.

Uning aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar da’volarni hal etishda vositachi bo’lishni istasa, avvalambor o’zi bu qonunlarga rioya qilishi lozim.

“BMTning Dengiz huquqlari bo’yicha konvensiyasini tasdiqlamay turib Xitoydan munozaralarni hal etishni talab qila olmaymiz. Yuqori lavozimli harbiy qo’mondonlarimiz hujjat milliy xavfsizligimiz uchun muhim ekanini bot-bot aytishiga qaramay Kongress konvensiyani ratifikatsiya qilmayapti. Buni chekinish deb bilaman, liderlik emas”, - dedi Obama.

BMTning Dengiz huquqlari bo’yicha konvensiyasi tijoriy va harbiy yuklar harakatlanishi hamda gaz va neft savdosi uchun ofshor foizlarning taqsimlanishini tartibga soladi.

Prezidentning sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld kabi raqiblari buni hujjatni tanqid qilish uchun bahona deb bilmoqda.

“Qo’shma Shtatlar neft ishlab chiqaruvchi davlatlarni kam yonilg’i chiqarayotgan mamlakatlarga foiz to’lashiga majburlovchi bitimni qabul qila olmaydi”, - deydi sobiq vazir.

Senat hujjatni tasdiqlamay turgan bo’lsa-da, AQSh uning ko’p bandlariga amal qilib keladi. Vashingtonlik tahlilchi Maykl Oslin.

“Prezidentning mantig’i to’g’ri emas. Uning aytishicha, agar konvensiya ratifikatsiya qilinmasa, Xitoyni provokatsion, agressiv harakatlari uchun tartibga chaqira olmaymiz. Bu umuman noto’g’ri”, - deydi ekspert.

Yaqinda Xitoyga tegishli neft platformasi Janubiy Xitoy dengizining Vyetnamga yaqin bahsli bir hududida ziddiyatlarga sabab bo’ldi.

Xitoy armiyasi qo’mondonining o’rinbosari Van Guanjonning aytishicha, Pekinga ataylab bosim qo’yilmoqda.

“Hududiy suverenitet, dengiz huquqlari bobida Xitoy hali biron marta birinchi bo’lib ishkal chiqarmagan. Xitoy hamisha javob berishga majbur bo’lmoqda”, - deydi rasmiy.

Vyetnamlik namoyishchilarga ko’ra esa, Pekin bahsli orollar yuzasidan kattaroq mojaro keltirib chiqarishga urinyapti.

Vashingtondagi Amerika universiteti professori Xillari Men Leveretning aytishicha, Xitoy AQShning Osiyodagi ittifoqlariga putur yetkazishga harakat qilmoqda.

“Xitoy hududda Amerikaga ittifoqchi davlatlarni AQShga qizig’i yo’q masalalarda qiynashga harakat qiladi. Masalan, turli xil qoyali orollar bo’yicha bahs qilib. Axir Qo’shma Shtatlar har bir orol uchun Xitoy bilan urush qilib o’tirmaydiku!" – deydi Leveret.

Tahlilchi Oslinning aytishicha, AQShning Xitoy bilan ro’baro’ bo’lmasligiga konvensiyaning aloqasi yo’q.

“Obama ma’muriyati Osiyoda dengizdagi munozaralardan o’zini nari tutish maqsadida turli bahonalar topishga o’rganib qolganday”, - deydi ekspert.

Filippin ayni damda konvensiya yordamida Xitoyning hududiy da’volariga qarshi turishga harakat qilmoqda, ammo Pekin bitimga qo’shilishga ishtiyoq bildirmayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG