AQSh Xitoy harbiy kemalarining harakatidan norozi


AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel Xitoy kemalari bilan Janubiy Xitoy dengizida yuz bergan voqeani xitoyliklar tomonidan sodir etilgan mas’uliyatsizlik deb atadi. Bunday hodisalar mintaqada beqarorlikning kuchayishiga hissa qo’shadi, deydi u.

5-dekabr kuni AQSh kreyseri (“USS Cowpens”) Xitoy avianosetsini (“Liaoning”) kuzatib turgan paytda Xitoyning boshqa bir kemasi kreyser oldini kesib o’tdi.

“Xitoy kemasining kreyserdan salkam 100 metr uzoqlikda kesib o’tishi mas’uliyatsiz, kalta o’ylangan bir ish bo’ldi”, - dedi u.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Xeygel gaplariga e’tiroz bildirdi.

“Xitoy har doim dengiz va havo hududi qoidalarini hurmat qilib, xalqaro qonun normalariga rioya qilib kelgan”, - dedi vazirlik so’zlovchisi.

AQSh kemalari Xitoy harakatini Janubiy Xitoy dengizi hamda Sharqiy Xitoy dengizidagi xalqaro suv maydonlaridan kuzatib keladi. Bu esa Xitoyga yoqmaydi, deydi Xalqaro tahlil va strategiya markazi tadqiqotchisi Rik Fisher.

“Har ikki hududda Xitoy dengiz va havodan turib AQShning razvedka ishlariga halal berishga uringan. Bunday sichqon-mushuk o’yini bundan keyin ham davom etadi. Agar Xitoy xohlasa, vaziyat yanada chigallashishi mumkin”, - deydi u.

Pentagon rahbari Xeygel Xitoy harakatlarini o’ta xavfli deb atadi.

“Bir xatolik ketidan jiddiy muammolar yuz berishini xohlamaymiz. Bunday hodisalar uchqunidan kattaroq xatoliklar kelib chiqishi mumkin”, - dedi AQSh rasmiysi.

Osiyo bo’yicha mutaxassis Richard Kronin Xeygel fikrlariga qo’shiladi.

“To’qnashuv yuz berishi ehtimoli yuqori. Bu AQSh va Xitoy o’rtasida urush boshlanishiga olib kelmasa ham, o’zaro otishma va diplomatik mojaroga sabab bo’lishi mumkin”, - deydi u.

Kroninga ko’ra, Xitoy ham o’zini mintaqaning katta kuchi sifatida ko’rsatishga urinmoqda. Uning Yaponiya nazorati ostidagi orollar ustidan ham havo mudofaa zonasini o’rnatgani shundan dalolat, deydi u.

“Bularning barchasi bizni mintaqadan siqib chiqarib, o’ziga tegishli deb bilgan huquqlarni qaytarib olishga qaratilgan”, - deydi tadqiqotchi Kronin.

AQSh Xitoy e’lon qilgan yangi havo mudofaa zonasini tan olmadi. Obama ma’muriyatining Osiyoga doir strategiyasi doirasida davlat kotibi Jon Kerri yaqinda Vyetnam va Filippinga borib, bu davlatlarga 70 million dollarlik harbiy ko’mak berilishi haqida ma’lum qildi.

“Yangi havo zonasi bekor qilinishi kerak. Xitoy boshqa hududlarda ham bir o’zi bunday qarorlarni qabul qilmasligi lozim. Ayniqsa, Janubiy Xitoy dengizida”, - dedi Jon Kerri.

Xitoyning harbiy sohaga e’tiborni kuchaytirayotgani Vashingtonning Osiyo strategiyasini oqlaydi, deydi tahlilchi Fisher.

“Xitoy faollashib, bosimni oshirib borar ekan, bu o’z navbatida AQShni mudofaa byudjetini qayta ko’rib chiqishga va strategiyasini o’zgartirishga majburlashi mumkin”, - deydi u.

Xitoy va AQSh o’rtasida harbiy ixtilof ehtimoli kuchayib borar ekan, bu Yaponiya, Tayvan, Vyetnam va Filippin kabi mintaqaning boshqa davlatlarini ham hushyorlikka chorlamoqda.
XS
SM
MD
LG