Xitoy generali Vashingtonda muzokaralar olib bordi

  • Amerika Ovozi

Xitoy generali Fan Fanvey AQSh generali Martin Dempsi bilan. 14-may 2014. Vashington.

Xitoy generali Fan Fanvey AQSh generali Martin Dempsi bilan. 14-may 2014. Vashington.

Xitoy armiyasi rahbarlaridan biri Pentagonda muzokaralar olib bordi. Oldingi uchrashuv ikki yil avval Pekinda o’tgan edi. Kaliforniyada boshlanib Vashingtonda yakunlanayotgan safar Janubiy Xitoy dengizi ustida bahslar kuchaygan bir paytga to’g’ri keldi.
Xitoy armiyasi shtabining rahbari, general Fan Fanvey Pentagonda orkestr va mushaklar bilan kutib olindi. Tashrif muhim vaqtda ro’y bermoqda.

Xitoy bir necha davlat orasida talash Janubiy Xitoy dengizida neft burg’ilash minorasini o’rnatishga qaror qildi. Bunga javoban Vyetnamda namoyishlar o’tdi, odamlar halok bo’ldi.

General Fan Pekin qarorini tushuntirdi:

“Vyetnam bizni to’xtatish uchun dengizga kemalar yubordi. Bunga jim qarab tura olmadik”.

Fan, shuningdek, Xitoyning talash orolda aerodrom qurish qaroriga qarshi Filippinda odamlar namoyishga chiqqanini qoraladi.

“Muammo bizda emas. Janjal sababi bizda emas. Ammo muammo yoki ishkaldan qochmaymiz ham. Ota-bobolarimizdan meros yerni berib qo’ymaymiz”.

AQSh generali Martin Dempsi shunday dedi:

“Harbiy kuch qo’llash provokatsiya ekani va tahdidlarni oshirishi haqida gaplashdik”.

Pekinda ayrim rasmiylar fikricha, Vashingtonning Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi oqibatida ular Xitoyga ochiqchasiga qarshilik bildirishga jur’at etdi, bu esa mintaqada ziddiyatlarni chuqurlashtirmoqda. Ammo tahlilchilar aslida Xitoy harakatlari jiddiy xavotirlarga sabab bo’lmoqda, deydi.

“Xitoy azaldan Osiyodagi maqomini kuchaytirmoqchi bo’lib keladi. Sharqiy Osiyoda ham, ya’ni Yaponiya tomonda, Janubi-sharqiy Osiyoda ham, ya’ni Janubiy Xitoy dengizida”, – deydi harbiy masalalar bo’yicha olim Jeyms Hardi.

General Fanning AQShga tashrifi hamkorlikni oshirishga urinish hamdir.

Tashrif davomida Xitoy rasmiysi Ronald Reygan nomli atom kemasini hamda Milliy mudofaa universitetini borib ko’rdi. AQSh rasmiylari ikki davlat harbiylari ko’p muloqot qilsa, tushunmovchiliklar bartaraf etiladi va xususan Shimoliy Koreya yuzasidan hamkorlik osonlashadi, degan umidda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG