AQSh va Xitoy atmosfera tozaligi yo'lida muhim qadam qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama (chapda) va Xitoy rahbari Si Zinpin, Pekin, Xitoy, 12-noyabr, 2014-yil

Prezident Barak Obama (chapda) va Xitoy rahbari Si Zinpin, Pekin, Xitoy, 12-noyabr, 2014-yil

Prezident Barak Obamaning Xitoyga tashrifi davomida ikki davlat zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishini cheklashga qaratilgan yangi rejaga kelishib oldi. AQSh va Xitoy dunyoda karbonad angidrid eng ko'p ishlab chiqaruvchi davlatlardir.

Prezident Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar 2025-yilgacha chiqindilar hajmini qo'shimcha ikki foizga kamaytirish majburiyatini oldi. Ayni damda AQShning bu boradagi ko'rsatkichi 26 foiz atrofida.

Xitoy rahbari Si Zinpinning ma'lum qilishicha, uning mamlakati ham 2030-yilgacha atmosferani zararlantirishni kamaytirishga harakat qiladi.

Kelasi oy Peruda global iqlim o'zgarishiga doir muzokaralar o'tkaziladi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri unda ishtirok etadi. Kelasi yili Fransiyada esa shu mavzuda kattaroq anjuman bo'lib o'tadi.

Prezident Obamaning Pekindagi matbuot anjumanida aytishicha, ikki davlat bu kelishuv bilan hamkorlik qilsa ko'p narsaga erishish mumkinligini ko'rsatdi. Obama Xitoy rahbarining o'zaro aloqalardagi og'riqli mavzularni muhokama qilishga tayyor ekanini olqishladi.

Amerika prezidentiga ko'ra, Si Zinpin bilan uchrashuv unga AQSh yangi Osiyo siyosatining Xitoyni jilovlashga qaratilmaganini bildirish uchun yaxshi imkoniyat bo'ldi.

Ikki rahbar Gonkongda bir necha kun davom etgan hukumatga qarshi namoyishlar xususida ham tortishgani aytiladi. Pekin nazarida chiqishlar ortida Qo'shma Shtatlar turgan. Obama bu shubhalarni inkor etdi va Gonkongda erkin va ochiq saylovlar bo'lishi kerakligiga urg'u berdi.

Biroq Si Zinpinning aytishicha, namoyishlar qonunga zid bo'lgan va bu mavzu Xitoyning ichki ishi.

Oq uyning bildirishicha, ikki tomon Tinch okeanida harbiy to'qnashuvlarning oldini olish va ehtimolini kamaytirish uchun bir-birini yirik harbiy amaliyotlar haqida ogohlantirishga kelishib oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG