AQSh-Xitoy aloqalarida qanday o'zgarishlar yuz berdi?

  • Amerika Ovozi

2013-yilda AQSh va Xitoy munosabatlarida yangi ziddiyatlar ko’zga tashlandi. Bu ikki mamlakat o’rtasida muloqotning “yangi modeli”ni qurishga bo’lgan urinishlar hali-veri jadallashmasligidan dalolat.

Vashingtondagi Vudro Vilson markazi yaqinda mana shu ziddiyatlarni tahlil qildi.
O’tgan yil mart oyida Si Zinpinning prezidentlik lavozimiga kelgani 2013-yilda Xitoy siyosiy hayotida yuz bergan katta o’zgarishlardan biri bo’ldi.
Iyun oyida AQSh rahbari Barak Obama Kaliforniyada Si Zinpin bilan ilk uchrashuvini o’tkazdi.

Vilson markazidagi tahlilda ishtirok etgan “Tashqi siyosat” jurnali muharriri Ayzek Stoun Fishning aytishicha, ushbu uchrashuv ketidan Xitoy yetakchisi haqida Vashington qarashlari o’zgardi.

“Ilk marta Xitoy rahbari bilan ishonchli yig’in o’tkazildi. Si Zinpinning o’zi AQSh bilan hamkorlik qilishning ahamiyatiga alohida urg’u berdi. Bunday qarash inson huquqlaridan tortib, savdo, xalqaro siyosat va Yaponiya bilan munosabatlar kabi qator masalalar bo’yicha ishlash tartibiga o’zgartirish kiritadi”, - deydi u.

Kaliforniya universitetidan tahlilchi Jeffri Vesserstromga ko’ra, amerikaliklar Si Zinpinda ko’rgan yana bir narsa uning avvalgi Xitoy rahbarlariga ko’p jihatdan o’xshash ekanidir.

“Xitoyda rahbar o’zgardi deguncha AQShda umidlar haddan ziyod oshib ketadi. Chunki yangi rahbar odatda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar haqida gapiradi. Demak, siyosiy islohotlar ham bo’lsa ajab emas, degan umid paydo bo’ladi. Xu Zintao bilan bo’lgan shunday umidlar puchga chiqqan edi. Endi Si Zinpin bilan ham shunday bo’lyapti. U avtoritar, millatchi va iqtisodiyotni yaxshilashga ortiqcha urinuvchi modernist bo’lib chiqdi. Bu jihatdan u Den Syaopinga o’xshab ketadi. Biz uni Xitoyning Gorbachyovi bo’lishini istayapmiz, ammo bunday bo’lmasligi aniq”, - deydi Vesserstrom.

Xitoyning dengizlarda hudud talashib, qo’shni davlatlarga bosimni oshirayotgani ham Vashingtonning keskin noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Pekin noyabr oyida havodan mudofaa qilinadigan hududlari chegarasini bir tomonlama ravishda kengaytirdi.

Yaponiya nazoratidagi, ammo Xitoy tomonidan da’vo qilinadigan Senkaku orollari ham, Janubiy Koreyaga tegishi qoyalar ham yangi mudofaa zonasiga kiritilgan.

AQSh va uning ittifoqchilari Yaponiya hamda Janubiy Koreya Xitoyning bu harakatini keskin tanqid qilib chiqdi. Ular bahsli hududlarga o’z harbiy samolyotlarini jo’natdi.

Vilson markazidagi Kissinjer instituti rahbari Robert Delining aytishicha, Xitoy asta-sekin asl maqsadlarini oshkor etib boryapti.

“Pekinga ko’ra, bu o’z maqsadlariga erishishning oshkora yo’li. Ular Xitoy hududi bo’lgan joylarga o’z belgilarini o’rnatib chiqyapti. Xitoy 2014-yilda Sariq dengiz va Janubiy Xitoy dengizlarida ham shunday yo’l tutsa, ajablanmagan bo’lardim”, - deydi u.

Vashington va Pekin o’rtasidagi yana bir ziddiyatli masala Xitoyda o’nlab internet foydalanuvchilarining hibsga olinganidir.

Xitoyga oid internet jurnali asoschisi Deyvid Vertaymga ko’ra, so’nggi hibsga olishlar ko’plab bloggerlarni qo’rqitib qo’ydi. Ular hozir o’z gaplarini o’zlari senzura qilmoqda, deydi u.

“Xitoy rahbariyati liberal qarashlarni G’arb bilan bog’lashga juda usta. Ular shunday muhit yaratganki, hatto konstitutsiyaviy huquqlar haqida gapirish ham G’arbdan kirib kelgan yot unsur sifatida ko’riladi”, - deydi u.

AQSh inson huquqlariga qarshi sodir etilgan tazyiqlarini qoralab, bu Xitoyning xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlariga, hatto o’z qonunlari va konstitutsiyasiga zid ekanini aytadi.

Ammo siyosiy jabhadagi ixtiloflarga qaramay, AQSh va Xitoyning iqtisodiy va odamlar o’tasidagi munosabatlari jadal rivojlanishda davom etmoqda.

Oq uyning xabar berishiga, AQSh va Xitoy o’rtasidagi hamkorlik 2014-yilda ham davom etadi. Iqlim o’zgarishi, energiya ta’minoti hamda oziq-ovqat va dori-darmon xavfsizligi sohalarida aloqalarning kengayishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG