Obama Xitoyda Putin bilan gaplashdi; Pekin erkin savdo zonasini yaratmoqchi

  • Amerika Ovozi

Pekinda o'tayotgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy sammiti ishtirokchilari Xitoy taklif etayotgan erkin savdo zonasini yaratish rejasini qo'llab-quvvatladi. Kuzatuvchilarga ko'ra, bu Pekinning yutug'i, chunki Qo'shma Shtatlar ham muqobil reja ustida ishlamoqda.

Xitoy Prezidenti Si Zinpinning aytishicha, bu tarixiy voqea.

"Tashkilot a'zolari mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tomon shaxdam qadam tashladi", - dedi Xitoy rahbari.

Kelasi ikki yilda erkin savdo zonasini yaratish mexanizmi o'rganiladi.

AQSh ham Xitoy rejasini qo'llab-quvvatlab, uning Trans-Tinch okeani hamkorlik ittifoqiga g'ov emasligini ta'kidladi. Qo'shma Shtatlar rejasida Xitoyga o'rin yo'q.

Prezident Barak Obama Pekindagi sammitda qatnashib, erkin savdo masalasini Xitoy rahbarlari bilan muhokama qilmoqda. Bugun u Si Zinpin bilan birga tanovvul qilib, ertaga Obamaning davlat tashrifi doirasida rasmiy uchrashuvlar o'tkaziladi.

Muzokaralar davomida ikki davlat yuqori texnologiyali mahsulotlarga tariflarni tushirishga kelishib oldi. Bu boradagi muloqot o'tgan yil noyabrida to'xtab qolgan edi. Tibbiy uskunalar, video o'yinlar, kompyuter programmalari kabi tovarlardan boj to'lovlari olib tashlanadi.

Obama Xitoy fuqarolari uchun shu haftadan boshlab kuchga kirayotgan yangi viza tartibi xususida so'zladi. Ayni damda Amerika va Xitoy vizalari bir yilga beriladi, ammo shu haftadan boshlab talabalar va almashinuv dasturlari orqali Amerikaga sayohat qiluvchilarga viza muddati besh yilgacha, xitoylik tadbirkorlar va sayyohlar uchun esa 10 yilgacha cho'ziladi.

Sammitda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham qatnashmoqda. Oq uy tarqatgan ma'lumotga ko'ra, AQSh va Rossiya prezidentlari Pekindagi xalqaro anjuman paytida bugun uch bor bir necha daqiqadan o'zaro muloqot qilib, ikki davlat kelisha olmayotgan mavzularga qarashlarini bildirdi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Bernadet Mixanning aytishicha, Barak Obama va Vladimir Putin Eron, Suriya va Ukraina xususida gaplashdi. Muloqot tafsilotlari ma'lum emas.

AQSh va Rossiya Eron yadro dasturiga doir muzokara ishtirokchilaridan bo'lib, Tehrondan dasturni qisqartirishni so'rab keladi. Ammo Suriya masalasida ikki davlat pozitsiyasi farq qiladi. AQSh Suriya Prezidenti Bashar Assad hokimiyatdan ketishi kerak deb, Assadga muxolif kuchlarni qo'llab-quvvatlab keladi. Rossiya esa Suriya hukumatiga qurol sotib, BMT Xavfsizlik Kengashida unga qarshi uch rezolyutsiyani o'tkazmadi.

Ukraina ham AQSh va Rossiyaning bir-biridan uzoqlashishiga sabab bo'ldi. Qo'shma Shtatlar Moskvani Ukraina sharqidagi isyonchilarni qurollantirib, ularning Kiyevdagi hukumatga qarshi harakatlarida qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Kremlning da'vo qilishicha esa, Oq uy Ukraina bahonasida Rossiyani zaiflashtirmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG